Yangiliklar

not found

JSST: Dunyoda surunkali gepatit B ga chalingan bemorlarning 90 foiziga oʼz vaqtida tashxis qoʼyilmaydi

Gepatit — xavfli kasallik. Soʼnggi tahlillarga koʼra, bu dard dunyo boʼyicha yiliga milliondan ortiq kishining hayotiga zomin boʼlmoqda. Virusli gepatitning, ayniqsa, B va C turlaridan kasallanish hamda oʼlim koʼrsatkichlari yuqori. Xastalikning C turini toʼliq davolash mumkin. Аmmo bu infektsiyani yuqtirganlarning faqat 21 foiziga oʼz vaqtida tashxis qoʼyilib, atigi 13 foizi zarur muolajalarni olayotgani achinarli statistika. Xuddi shunday, surunkali gepatit B dan aziyat chekuvchi bemorlarning bor-yoʼgʼi 10 foizi oʼz xastaligidan xabardor va 2 foizigina zarur dori-darmonlarni qabul qiladi. Shundan kelib chiqqan holda, JSST 2030 yilga borib, gepatitni kamaytirish boʼyicha yangi tavsiyalarni taqdim etish harakatida. Unga koʼra, xastalikning B va C turlari bilan kasallanish va undan oʼlim holatlarini kamaytirish uchun tashkilotga aʼzo mamlakatlar quyidagilarga amal qilishi zarur: — gepatit B ga chalingan barcha homilador ayollar davolanishini taʼminlash va ulardan dunyoga kelgan chaqaloqlarni ushbu xastalik turiga qarshi emlash; — gepatitning B va (yoki) C turlarini yuqtirgan bemorlarni tashxislash koʼlamini 90 foizga va bunday insonlarni dori-darmonlar bilan taʼminlash qamrovini 80 foizga yetkazish; — qon quyish, inʼektsiya yuborish xavfsizligini kafolatlovchi ilgʼor amaliyotlarni joriy etish. Shuningdek, bolalarni mazkur kasallikka qarshi ommaviy emlash orqali gepatit B ga chalinish holatlarini kamaytirish asosiy strategik maqsadlardan biri. Umuman, JSST oʼz sogʼligʼini qadrlagan har bir insonga vaqti-vaqti bilan gepatit tekshiruvidan oʼtishni, infektsiya aniqlansa, paysalga solmay davolanishni va xastalikning B turiga qarshi emlanishni tavsiya qiladi. Qolaversa, ekspertlar xulosasiga koʼra, spirtli ichimliklardan tiyilish, vaznni meʼyorida saqlash, qon bosimi va qondagi qand miqdorini doimiy nazorat qilib borish ham jigarning sogʼlomligini taʼminlashga yordam beradi.

  • 1 Avgust, 15:10
  • Batafsil
not found

SSV: Yurtimizda nuroniylar bepul sogʼlomlashtiriladi

Sogʼliqni saqlash vazirligi yana bir yangi aktsiyani eʼlon qildi. Unga koʼra, joriy yil 1 avgustdan 1 sentyabrgacha yurtimizda “Keksalar salomatligi oyligi” tashkil etiladi. Bu davrda mamlakatimizdagi nuroniy otaxon va onaxonlar malakali shifokorlar tomonidan oʼzlari istiqomat qilayotgan hududda chuqurlashtirilgan tibbiy koʼrikdan oʼtkaziladi. Taʼkidlash lozimki, ayni damda yurtimizda 55 yoshdan oshgan 3 million 200 ming nafarga yaqin pensiya yoshidagi nuroniy yurtdoshlarimiz umrguzaronlik qilmoqda. Ularning salomatligini tiklashda, albatta, oʼz vaqtida koʼrsatiladigan sifatli tibbiy xizmatning oʼrni benihoya muhim. Shu bois ushbu aktsiya davomida tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq aniqlangan kasalliklar boʼyicha davlat koʼmagida keksalarning sogʼligini mustahkamlash choralari koʼriladi. Buning uchun dastlab tibbiy tekshiruvdan oʼtkaziladigan nuroniylar roʼyxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi. Shundan soʼng aktsiyaga jalb qilingan keksa yoshli insonlar maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʼtkaziladi. Tibbiy koʼriklar yakunida: oʼtkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan katta yoshli bemorlardan bir guruhi birlamchi boʼgʼindagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi; yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor keksa yoshli bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yoʼllanmalar taqdim etiladi. Oʼz navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar oʼtkaziladi. Eslatib oʼtamiz, Sogʼliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan joriy yil mamlakatimiz boʼylab bir qancha salomatlik oyliklari tashkil etildi. Mazkur sogʼlomlashtirish tadbirlari orqali qishloq xoʼjaligi xodimlari va ularning oila aʼzolari, yoshlar, maktab oʼqituvchilari hamda bogʼcha tarbiyachilari tibbiy tekshiruvdan oʼtkazilib, aniqlangan kasalliklar boʼyicha ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari koʼrildi.

  • 1 Avgust, 12:08
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech