Yangiliklar

not found

Bugun — Butunjahon salomatlik kuni

“Hayotni sog‘lom tarzda boshlash — farovon kelajak garovi”. 7-aprel — Butunjahon salomatlik kunining joriy yildagi shiori shunday. Ya’ni mazkur targ‘ibot kampaniyasi orqali Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hukumatlar va xalqaro hamjamiyatni onalar va bolalar salomatligi, xususan, onalar va chaqaloqlar o‘limiga barham berish, ayollar sog‘ligini asrash masalalalariga alohida e’tibor qaratishni maqsad qilgan. Avvalo, 7-aprel sanasining “Butunjahon salomatlik kuni” deb belgilanishi tarixiga qisqacha to‘xtalaylik. Gap shundaki, bundan roppa rosa 77-yil avval, 1948-yilning 7-aprelida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga asos solingan. O‘shandan buyon har yili mazkur sana Butunjahon salomatlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham! Mamlakatimiz 1992-yil 25-maydan ushbu tashkilotga a’zo. 1993-yilda ochilgan JSSTning yurtimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda salomatlik bilan bog‘liq masalalarning xalqaro darajadagi yechimiga munosib hissa qo‘shib kelyapmiz. Ayniqsa, pandemiya davrida Yer yuzi aholisi sog‘ligi uchun hamjihatlik naqadar muhimligini barcha chuqur anglab yetdi. Shu nuqtada yana Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ko‘mak va tavsiyalariga suyandik. Yer yuzida turli epidemiya va pandemiyalar xavfi chekingani yo‘q. Nosog‘lom turmush tarzi, iqlim inqirozi bilan bog‘liq global muammolardan samarali himoyalanish lozim. Qolaversa, atmosferaning ifloslanishi, global isish, suv tanqisligi, kam harakatlilik, noto‘g‘ri ovqatlanish, semizlik kabi qator omillar xavfli kasalliklar ko‘payishi va erta o‘lim ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘lmoqda. JSST kelgusida ham tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan hamjihatlikda bu global masalalarga yechim topishda davom etadi. Ushbu sanani nishonlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholiga salomatlik ulug‘ ne’mat ekanligini anglatish. Shu bois bu kun global muammolarga bag‘ishlangan turli shiorlar ostida nishonlanadi. O‘tgan yillar davomida uning mavzusi ruhiy, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash, faol turmush tarzi va uzoq umr ko‘rishni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishining odamlar salomatligiga ta’siri muammosi, onalar xavfsizligi masalalarini muhokama qilish bo‘lgandi. 2024 yilgi shior esa “Mening sog‘ligim — mening huquqim” deb belgilangan. JSSTning yaqinda e’lon qilingan yangi hisobotiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha qariyb 300 ming nafar ayol homiladorlik va tug‘ish bilan bog‘liq omillar hamda kasalliklar tufayli vafot etmoqda. Qolaversa, 2 million nafardan ortiq chaqaloq hayotining birinchi oyida hayotdan ko‘z yummoqda. Yana 2 millionga yaqin homilaning o‘lik tug‘ilishi holatlari qayd etilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, sayyoramiz bo‘yicha o‘rtacha har 7 soniyada bitta oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holati sodir bo‘ladi. Vaholanki, bu borada JSST tomonidan global maqsadlar, alohida Harakatlar rejalari tasdiqlangan. Shunga qaramay, dunyo mamlakatlarining beshdan to‘rt qismi 2030-yilga borib onalar o‘limining oldini olish yuzasidan belgilangan ko‘rsatkichlarga erisha olmayapti. Har uch davlatdan biri yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limini kamaytirish bo‘yicha tasdiqlangan global maqsadni ro‘yobga chiqara olgani yo‘q. Shundan kelib chiqib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xotin-qizlarni tug‘uruqdan oldin, tug‘uruq chog‘ida va undan keyingi davrda tibbiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash muhimligiga urg‘u bermoqda.

  • 7 Aprel, 09:58
  • Batafsil
not found

Yoshlar orasida miokard infarkti koʻpayib borayotganining sababi aytildi

Ilgari miokard infarkti asosan 50-60 yoshdan oshgan kishilarda kuzatilgan boʻlsa, endilikda 30-40 yoshlilar, hatto 20 yoshdan oshgan yigit-qizlarda ham uchrayapti. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Xurshid Fozilov buning asosiy sabablari, keltirib chiqaruvchi omillar, amal qilish kerak boʻlgan qoidalar haqida soʻz ochdi. Unga koʻra, miokard infarkti yurak mushagining maʼlum bir qismiga qon yetib bormagani sababli oʻsha toʻqimaning nobud boʻlishi hisoblanadi. Bunga odatda qon tomirlarda toʻsiq paydo boʻlishi, xolesterin yigʻilishi yoki tromb shakllanishi sabab boʻladi. Bu holat yurak yetkazib beradigan qon oqimini keskin kamaytiradi va xavfli asoratlarga olib kelishi mumkin. “Yoshlarda infarktning asosiy sabablari haqida gapiradigan boʻlsak, avvalo, notoʻgʻri ovqatlanish va semizlik ham sabab boʻlmoqda. Afsuski, bugun aksariyat yoshlar fast-fud, yogʻli va qovurilgan taomlar, gazli ichimliklar va shakar miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlarni koʻp isteʼmol qilayotganini inkor etib boʻlmaydi. Bu esa ortiqcha vaznga, qon bosimi oshishiga va qon tomirlarda ateroskleroz paydo boʻlishiga sabab boʻlmoqda”, deydi mutaxassis . Bildirilishicha, harakatsizlik (gipodinamiya) ham bu kasallikni chaqirmoqda. Shuningdek, kompyuter, smartfon va boshqa gadjetlar yoshlarni biroz dangasa qilib qoʻygan. Sport bilan shugʻullanmaslik, uzoq vaqt bir joyda oʻtirib ishlash yoki oʻqish qon aylanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Yana bir faktor sifatida yoshlar orasida bugun doimiy stress bilan muammolar ham yoʻq emas. Doimiy zoʻriqish, asabiylik organizmda adrenalin va kortizol miqdorini oshiradi, bu esa yurakni zoʻriqtirib, infarkt xavfini kuchaytiradi. Tamaki va alkogol isteʼmoli ham yoshlarda bu kasallikning erta uygʻonishiga olib kelayotgan omillardan biri. Negaki, sigaret tarkibidagi nikotin va boshqa zararli moddalar qon tomirlarini toraytiradi. Tabiiyki, bu yurakka qon yetib borishini qiyinlashtiradi. Shuningdek, spirtli ichimliklar ham qon bosimi oshishiga va yurak ritmining buzilishiga sabab boʻladi. Bu kasallikning oldini olish uchun jismoniy faollik, toʻgʻri ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish talab etiladi.

  • 4 Aprel, 14:47
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech