Yangiliklar

not found

JSST Afrikadagi Ebola epidemiyasi sabab xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat rejimini e’lon qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) va Ugandadagi Ebola epidemiyasi munosabati bilan xalqaro ahamiyatga ega favqulodda vaziyat rejimi joriy etilganini ma’lum qildi. Tashkilot bayonotida aytilishicha, kasallanganlar soni va kasallikning geografik tarqalishi bo‘yicha aniqsizliklar saqlanib qolmoqda. JSST ta’kidlashicha, gap pandemiya haqida emas, balki epidemiya haqida ketmoqda. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, KDRning uchta hududida Ebolaga bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan 80 ta o‘lim holati va 246 ta ehtimoliy kasallanish holati aniqlangan. Shulardan sakkiztasi laboratoriyada tasdiqlangan. Uganda poytaxti Kampala shahrida esa 15–16 may kunlari KDRdan kelgan ikki nafar shaxsda virus laboratoriya tekshiruvi orqali tasdiqlangan, ulardan biri vafot etgan. KDR sog‘liqni saqlash vaziri Samuel Roje Kamba 15 may kuni mamlakatda Ebola isitmasining yangi o‘chog‘i aniqlanganini rasman e’lon qildi. Epidemiya markazi Ituri provinsiyasining Mongbvalu va Rvampara hududlarida joylashgan. Ilk bemor Bunia shahrida ishlagan hamshira bo‘lib, u bir necha kun avval vafot etgan. Unda Ebola virusining Bundibugio deb ataluvchi turi aniqlangan. Asosiy muammo shundaki, keng tarqalgan Zair turidagi Ebola virusidan farqli ravishda, Bundibugio turiga qarshi vaksina mavjud emas. Ebola virusi insonga yovvoyi hayvonlar orqali yuqadi. Kasallikning dastlabki belgilari — isitma, mushaklarda og‘riq, bosh og‘rig‘i va tomoq og‘rig‘i. Keyinchalik buyrak va jigar faoliyati buziladi, ayrim hollarda ichki va tashqi qon ketishlari kuzatiladi. Insonda Ebola virusi bilan kasallanishning ilk holati 1976-yilda hozirgi Kongo Demokratik Respublikasi hududida qayd etilgan. Eng yirik epidemiya 2014–2016 yillarda G‘arbiy Afrikada — Gvineya, Liberiya va Syerra-Leone hududlarida kuzatilgan. O‘shanda qurbonlar soni 11 ming nafardan oshgan.

  • 18 May, 12:30
  • Batafsil
not found

Nega bir davlatda taqiqlangan dori boshqa davlatda hali ham sotiladi?

Dunyo farmatsevtika bozorida shunday dorilar borki, ayrim mamlakatlarda ulardan foydalanish taqiqlangan yoki qattiq cheklangan. Ammo boshqa davlatlarda ular hali ham erkin sotuvda uchraydi. Buning asosiy sabablari: — davlatlar qonunchiligining farq qilishi; — dori xavfsizligi boʻyicha turlicha yondashuv; — klinik tadqiqotlar natijalariga turlicha baho berilishi; — farmakonazorat tizimining darajasi. Quyida dunyoda bahsli hisoblangan ayrim dorilar keltirilgan: Analgin (Metamizole) Koʻpchilikka tanish ogʻriq qoldiruvchi. AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya va yana qator davlatlarda taqiqlangan yoki qattiq cheklangan. Sabab — kam uchrasa ham, qondagi oq hujayralarni keskin kamaytiruvchi agranulotsitoz xavfi. Shu bilan birga, ayrim davlatlarda u hali ham ogʻriq va isitma uchun qoʻllanadi. Nimesulide Yalligʻlanishga qarshi dori. Ayrim Yevropa davlatlarida jigarga zarari sababli cheklangan. Bolalar uchun ishlatish koʻp mamlakatlarda taqiqlangan. Phenylpropanolamine (PPA) Avval sovuqqotish va burun bitishida keng ishlatilgan. Keyinchalik insult xavfini oshirishi mumkinligi aniqlanganidan soʻng AQSHda bozordan olib tashlangan. Ammo baʼzi davlatlarda hali ham ayrim preparatlar tarkibida uchraydi. Codeine saqlovchi siroplar Yoʻtalga qarshi ishlatiladi. Ayrim davlatlarda bolalar uchun taqiqlangan, chunki nafasni sekinlashtirish xavfi bor. Yevropa va AQSHda bu boʻyicha qattiq nazorat mavjud. Cisapride Oshqozon-ichak tizimi uchun qoʻllanilgan. Keyinchalik yurak ritmini buzishi va toʻsatdan oʻlim holatlari bilan bogʻliq xavflar aniqlangan. Koʻp davlatlarda bozordan chiqarilgan. Thalidomide Farmatsevtika tarixidagi eng mashhur fojialardan biri. 1950–60 yillarda homilador ayollarga toksikoz uchun berilgan. Keyinchalik minglab bolalarda tugʻma nuqsonlar keltirib chiqargani maʼlum boʻlgan. Hozir ayrim ogʻir kasalliklarda juda qattiq nazorat ostida qoʻllanadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti dori xavfsizligi doimiy ravishda qayta koʻrib chiqilishini taʼkidlaydi. Ilgari xavfsiz deb hisoblangan preparat yillar oʻtib jiddiy xavf keltirib chiqarishi mumkin. Mutaxassislar eslatadi: “Boshqa davlatda sotilyapti ekan — demak xavfsiz” degan fikr doim ham toʻgʻri emas. Dorini faqat shifokor tavsiyasi bilan qabul qilish kerak.

  • 15 May, 15:22
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech