Yangiliklar

not found

Genetiklar qaysi xalqlarda tromboz xavfi yuqori ekanini aytishdi

Genotek olimlari turli etnoslarga mansub 40 mingdan ortiq Rossiya aholisining genomini o‘rganib, dog‘istonliklar va armanlarda tromboz xavfi yuqori ekanligini aniqladilar. F5 (ivish omili 5) genida mutatsiyaga uchragan yoki Leyden mutatsiyasi bo‘lgan odamlar tromboz va o‘pka emboliyasi rivojlanishiga ko‘proq moyil bo‘ladi - rivojlanish xavfi 7 baravar yuqori bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, mutatsiya homiladorlik kechishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu davrda ayollarda qon ivishi ortadi, bu esa tug‘ruq paytida qon ketish xavfini kamaytiradi. Biroq, Leyden mutatsiyasi bo‘lgan ayollarda homiladorlik asoratlari xavfi yuqori. Genotek tibbiy-genetik markazi olimlari tadqiqotda F5 genidagi mutatsiya Rossiya aholisida o‘rtacha 3% chastotada uchrashini aniqladi. Ammo Rossiyaning ba’zi etnoslarida trombozlarning genetik xavfi yuqori: dog‘istonliklar (18,6%) va armanlar (12,5%). Shu bilan birga, F5 dagi mutatsiya yakutlarning birorta vakilida aniqlanmadi. "Tadqiqotimiz ushbu mutatsiya chastotasidagi sezilarli etnik va geografik farqlarni tasdiqlaydi. Ushbu bilimlar shifokorlarga xavflarni yaxshiroq bashorat qilish va individual profilaktika choralarini tavsiya qilishga yordam beradi," - dedi Genotek tibbiy-genetik markazi ilmiy direktori Aleksandr Rakitko. Leyden mutatsiyasining tarqalishini tushunish turli populyatsiyalar uchun xavflarni baholash va trombozlarning oldini olish bo‘yicha milliy strategiyalarni ishlab chiqish imkonini beradi. Leyden mutatsiyasi tromboz xavfini oshirsa-da, o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va to‘g‘ri tibbiy yordam ko‘rsatish bu xavflarni minimallashtirishga yordam beradi. Leyden mutatsiyasi taxminan 20-30 ming yil oldin paydo bo‘lgan va Yevropaga ko‘chib kelgan aholi orasida tarqalgan. Shuning uchun hozir u yevropaliklarning taxminan 3-7% da uchraydi, Sharqiy va Markaziy Yevropa kabi ba’zi mintaqalarda 10% ga yetadi. Yaqin Sharq aholisida chastota mamlakatga qarab 2% dan 7% gacha o‘zgarib turadi. Osiyo, Afrika va Avstraliya populyatsiyalarida mutatsiya kam va odamlarning 1% dan kamrog‘ida uchraydi.

  • 2 Dekabr, 12:45
  • Batafsil
not found

Senat: O‘zbekiston hali ham yod tanqisligi bo‘yicha og‘ir hudud bo‘lib qolmoqda

Yod tanqisligi ko‘rsatkichi bolalar va o‘smirlar orasida mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga o‘rtacha 712,3 va 3593,6 nafarni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkichlar «yod tanqisligi pandemiyasi» davom etayotganligini anglatadi. O‘zbekiston hali ham yod tanqisligi bo‘yicha og‘ir hudud bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati qo‘mitalarining qo‘shma majlisida aytildi. Majlisda «Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida»gi Qonunning yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan standartlarning majburiy talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga oid qismi ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, aholi orasida endemik buqoqdan kasallanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish va osh tuzini yodlash bo‘yicha talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish zaruriyati ham yuzaga kelgan. Ayniqsa, 2023-yilda yod tanqisligi kasalligi har 100 ming aholiga Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2160,7), Surxondaryo (1883,3), Jizzax (1494,0) Buxoro (1262,2) viloyatlarida mamlakat ko‘rsatkichlariga nisbatan (912,4) baland bo‘lgani tashvishli holdir. Shu davrda yod tanqisligi ko‘rsatkichi bolalar va o‘smirlar orasida mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga o‘rtacha 712,3 va 3593,6 nafarni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkichlar «yod tanqisligi pandemiyasi» davom etayotganligini anglatadi. 2007-yilda qabul qilingan Qonunda yod yetishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi oziq-ovqatga yodlangan tuz ishlatish va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilish orqali amalga oshirilishi belgilangan. Biroq 2024-yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizda 94 ta osh tuzi ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va undan foydalanuvchi korxona mavjud. Ularning bor-yo‘g‘i 24 tasida laboratoriyalar bor, faqatgina 72 tasida dozatorlar o‘rnatilgan. Ammo o‘rnatilgan ayrim dozatorlar mutlaqo talabga javob bermaydi. 2024-yilning 9 oyi davomida Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada tuz ishlab chiqaruvchi korxonalardan olingan 263 ta namunadan 65 tasida (25%), savdo va umumiy ovqatlanish shaxobchalaridan olingan 1110 ta namunaning 347 tasida (31,5%), maktabgacha va maktab ta’limi muassasalaridan olingan 3613 ta namunaning esa 1263 tasida (35%) yod miqdori belgilangan talabga javob bermasligi aniqlangan. Shu bilan birga o‘rganishlar davomida Sirdaryo viloyatida hech qanday hujjatsiz tuzni qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va tashish faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanib kelayotgan 4 ta korxona aniqlangan. Ushbu korxonalarda tuzni yodlash dozatorlari mavjud emas. Omborlarda mahsulotlarni saqlash qoidalariga amal qilinmagan, qayta ishlab chiqarish uchun keltirilgan birlamchi tuzlarning tegishli hujjatlari, xususan sertifikatlari mavjud emas. Tuz belgilangan talabga javob bermaydigan paketlarga qadoqlanmoqda. Mahsulot ishlab chiqarilgan sanalar ko‘rsatilmagan holda sotuvga chiqarilmoqda. Ayrim hollarda qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgani aniqlangan. Ayrim tadbirkorlar tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni suiiste’mol qilib, aholining sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan mahsulotlarni sotishni davom ettirmoqda. Majlis yakunlari bo‘yicha qo‘mitalarning aniq takliflar aks etgan qo‘shma qarori qabul qilindi.

  • 2 Dekabr, 10:00
  • Batafsil
not found

Yer yuzi aholisining qariyb yarmi ogʻiz boʻshligʻi kasalliklaridan aziyat chekmoqda

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga koʻra, ogʻiz boʻshligʻi patologiyalari — yuqumli boʻlmagan kasalliklarning eng keng tarqalgan  turlaridan biri va erta bosqichlarda oldini olish va davolash mumkin. Hozir dunyo boʻyicha taxminan 3,5 milliard odam shunday xastaliklardan aziyat chekmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, dunyo boʻylab 2 milliard odamning doimiy tishlarida kariyes, 514 million bolaning esa sut tishlarida kariyes bor. Buning asosiy sababi, avvalo, tish parvarishiga eʼtiborsizlik, shuningdek organizmda ftorning etarli emasligi, shakarga boy arzon oziq-ovqat mahsulotlarining koʻpayishi va mahalliy darajada birlamchi stomatologik yordamning cheklanganligi bilan bogʻliq.  Periodontal kasallik (milk kasalligi)  Periodontal kasallik tishlarni oʻrab turgan va qoʻllab-quvvatlaydigan toʻqimalarga taʼsir qiladi. Periodontal kasallikning belgilari qon ketishi yoki milkning shishishi (gingivit), ogʻriq va baʼzi hollarda ogʻizdan yomon hid kelishi. Kasallikning yanada ogʻir shakllarida milk  tishlardan va tishlarni qoʻllab-quvvatlovchi suyakdan uzoqlashishi mumkin, bu esa tishlarning boʻshishishi va baʼzi hollarda tushishiga olib kelishi mumkin.   Hisob-kitoblarga koʻra, ogʻir periodontal kasallik bilan dunyo aholisining 19 foizi aziyat chekadi, bu 1 milliarddan ortiq holatni tashkil qiladi. Periodontal kasallikning asosiy sababi ogʻiz boʻshligʻi gigenasiga eʼtiborsiz va tamaki isteʼmolidir.  Edentulizm (tishlarning toʻliq tushishi)  Tishlarning tushishi odatda ogʻiz boʻshligʻining uzoq muddatli kasalliklari, asosan rivojlangan tish kariyesi va ogʻir periodontal kasallikning yakuniy natijasidir, ammo tish shikastlanishi va boshqalar ham sabab boʻlishi mumkin. Butun dunyo boʻylab 20 va undan katta yoshdagi odamlarning 7 foizi edentulizmdan aziyat kechadi.  60 yosh va undan katta yoshdagi guruhlarda bu holat 23% ni tashkil qiladi. Tishlarning tushishi psixologik travma, ijtimoiy muammolar va funksional cheklovlarga olib kelishi mumkin.  Ogʻiz boʻshligʻining onkologik kasalliklari  Ogʻiz boʻshligʻining onkologik kasalliklari  lab saratoni, ogʻizning boshqa joylari va orofarenks saratonini oʻz ichiga oladi va birgalikda dunyodagi eng keng tarqalgan saraton kasalliklari orasida 13-oʻrinni egallaydi.  2020-yilda lab va ogʻiz boʻshligʻi saratoni bilan kasallanishning global darajasi 377 713 yangi holat va 177 757 oʻlimni tashkil etdi. Ogʻiz boʻshligʻining onkologik kasalliklari erkaklar va keksa odamlarda tez-tez rivojlanadi, erkaklarda oʻlim darajasi ayollarga qaraganda yuqori va ularning paydo boʻlish chastotasi koʻp jihatdan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga bogʻliq. Ogʻiz boʻshligʻi saratonining asosiy sabablari orasida tamaki va spirtli ichimliklardan foydalanish kiradi.  Tish jarohati Tish jarohati — bu tish, ogʻiz va ogʻiz boʻshligʻining shikastlanishi. Soʻnggi hisob-kitoblarga koʻra, 1 milliard odam ushbu muammodan aziyat chekmoqda va 12 yoshgacha boʻlgan bolalar orasida uning tarqalishi 20% ni tashkil qiladi. Tish jarohatlariga  masalan, xavfli oʻyin maydonchalari jihozlari, xavfli xatti-harakatlar, yoʻl-transport hodisalari va zoʻravonlik sabab boʻlishi mumkin. Tish jarohatlarini davolash qimmat va koʻp vaqt talab etadi va hatto tishlarning yoʻqolishiga, yuz nuqsonlariga, psixologik rivojlanishga va hayot sifatiga olib kelishi mumkin.  Xavf omillari  Ogʻiz boʻshligʻi kasalliklari va patologiyalarining aksariyati  yurak-qon tomir, saraton, surunkali nafas olish kasalliklari va diabetni keltirib chiqarishi mumkin. JSST rahbari Tedros Gebreyesusning qayd etishicha, millionlab insonlar ogʻiz boʻshligʻi salomatligini taʼminlash bilan bogʻliq tibbiy xizmatlardan foydalana olmaydi. Chunki ularning narxi sezilarli darajada qimmat.  Shu bois tashkilot bu borada hukumatlarni tegishli choralarni ishlab chiqish va profilaktika, diagnostika hamda davolash qamrovini oshirishga chaqirdi.  Xususan, JSST tomonidan ogʻiz boʻshligʻi salomatligi masalalariga bagʻishlab ilk bor tashkil etilgan global yigʻilishda 110 dan ortiq mamlakatlar delegatsiyalari tomonidan 2030-yilgacha moʻljallangan Ogʻiz boʻshligʻi salomatligi boʻyicha qoʻshma deklaratsiya tasdiqlanishi kutilmoqda.  Oldini olish  - shakar ulushini kamaytirish va ratsiondagi meva va sabzavotlar ulushini oshirish orqali muvozanatli ovqatlanishni taʼminlash va turli xil ichimliklardan voz kechib suvdan koʻproq foydalanish;  -tamaki mahsulotlarining barcha turlarini chekishni toʻxtatish; - spirtli ichimliklarni isteʼmol qilishni kamaytirish; - Yuz jarohatlari xavfini kamaytirish uchun sport oʻyinlari,  velosiped va mototsikl haydashda himoya vositalaridan foydalanishni targʻib qilish. Tish kariyesining oldini olishda organizmga yetarli miqdorda ftoridni qabul qilish muhim rol oʻynaydi. Ftoridli tish pastasi (1000-1500 ppm) yordamida kuniga ikki marta tishlarni yuvish ogʻiz boʻshligʻi salomatligida muhim rol oʻynaydi.

  • 29 Noyabr, 12:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech