"Sogʼliqni saqlash — TIHE 2024” 28-Toshkent xalqaro tibbiyot koʼrgazmasi boʼlib oʼtmoqdа
“O‘zekspomarkaz” da “Sogʼliqni saqlash — TIHE 2024” 28-Toshkent xalqaro tibbiyot koʼrgazmasi boʼlib oʼtmoqda
Ushbu anʼanaviy koʼrgazmada zamonaviy asbob-uskunalar, texnologiyalar, ilgʼor davolash va diagnostika usullari taqdim etilmoqda.
“TIHE 2024”da rekord miqdordagi eksponentlar roʼyxatga olingan boʼlib, koʼrgazma birdaniga 4 ta pavilyonda boʼlib oʼtmoqda. Unda 21 mamlakatdan 310 ta kompaniya ishtirok etyapti. Ularning 154 tasi Xitoy kompaniyalaridir.
Bu yil doimiy ishtirokchilar bilan bir qatorda АQSh, Koreya Respublikasi, Italiya, Germaniya, Turkiya, Misr kabi davlatlardan debyutantlar ham mavjud boʼlib, ular qatnashchilar umumiy sonining 54 foizini tashkil etadi.
Kompaniyalar tashrif buyuruvchilarga laboratoriya, klinika va shifoxonalar uchun zamonaviy yechimlar, diagnostika va davolash uchun tibbiy asbob-uskunalarning keng assortimenti, tegishli mahsulotlar, stomatologik amaliyot uskunalari va farmatsevtika sohasidagi yangi ishlanmalarni taqdim etmoqda.
Koʼrgazma doirasida ilmiy-amaliy seminarlar oʼtkazilib, unda bolalar salomatligi, ginekologiya va akusherlik, kosmetologiya, onkologiya, travmatologiya va ortopediya sohasidagi mutaxassislar muloqoti tashkillashtirilmoqda.
Bu yilgi koʼrgazmaning asosiy tendentsiyalaridan biri mahalliy farmatsevtika ishlab chiqarish tarmogʼini rivojlantirish va qoʼllab-quvvatlashga, shuningdek, bu yoʼnalishdagi sanoatda ilgʼor texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan. Аlohida pavilyonda 13 mamlakatdan 60 dan ortiq kompaniyalar bu soha uchun eng soʼnggi ishlanmalar, uskunalar, xom ashyo va texnologiyalar, tayyor dori-darmonlarni taqdim etmoqda.
Koʼrgazmada 50 dan ortiq mahalliy kompaniyalar sogʼliqni saqlash sohasidagi yutuqlari va yangiliklarini namoyish etmoqda, bu esa ularning chet ellik ishtirokchilar bilan raqobatlashishga loyiq ekanligidan dalolat. Ular stomatologiya uskunalari, shifoxonalar va klinikalar uchun mebel va jihozlar, dori-darmonlar, toza xonalar, farmatsevtika, diagnostika, oftalьmologiya, fizioterapiya va reabilitatsiya, laboratoriya, rentgen uskunalari kabilarni namoyish emoqda. Mahalliy kompaniyalar sonining koʼpayishi mahsulot sifatining yuqori darajasi va ushbu kompaniyalarning jahon miqyosida oʼz manfaatlarini muvaffaqiyatli himoya qilish qobiliyatidan darak beradi.
Sogʼliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchisi Аsilbek Xudayarov koʼrgazmada boʼlib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyati bilan tanishdi, ularning xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik oʼrnatishini hamda shu orqali xorijga eksport salohiyati oshirilishini qoʼllab-quvvatladi. Yurtimizda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, kasalliklarni tashxislash va davolashning ilgʼor usullarini keng joriy etishga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Koʼrgazma 18 aprelgacha davom etadi.