15:06 (14.12.2023)
1201
Buyuk qomusiy olim Аbu Rayhon Muhammad ibn Аhmad Аl Beruniyning (973-1048y.) asarlari ming yildan buyon jahon ilm ahliga mukammal darslik va qoʼllanmalar vazifasini oʼtab kelmoqda.
Olimning “Xronologiya”, “Hindiston”, “Geodeziya”, “Mineralogiya” va “Masʼud qonunlari” kabi asarlari bir muncha toʼliq oʼrganilgan. Biroq Beruniyning soʼnggi asari boʼlmish “Kitab as-saydana fi-t-tibb” (“Tibbiyotda farmokognoziya kitobi”) asari yetarli oʼrganilgan emas. Uning yagona asl nusxasi 1927 yilda Turkiyaning Bursa shahrida topilgan va oʼsha yerdagi kutubxonada saqlanadi.
Fors tiliga tarjima qilingan nusxasi esa 1899 yilda Hindistonning Lakxnau shahrida topilgan boʼlib, hozirda Britaniya muzeyida saqlanadi. “Saydana”ni rus tiliga olim Ubaydulla Karimov oʼgirgan boʼlib, “Fan” nashriyotida 1973 yilda nashr etilgan “Beruniy” tanlangan asarlarining IV jildini tashkil etadi.
“Saydana” farmokognozik asar boʼlib, tibbiyotning quroli sanalmish dori-darmon tayyorlanuvchi vositalar haqidagi maʼlumotlar yigʼindisidir. Farmakognoziya grekcha “dori” va “bilim” maʼnolarini anglatuvchi soʼzlardan iborat. Nabotot, hayvonot va maʼdanlardan olinadigan dorivor vositalar haqidagi ilmiy fandir.
“Saydana” oʼsha vaqtlari mavjud boʼlgan dorishunoslik tarixi boʼyicha yozilgan eng qimmatbaho manba hisoblanadi. Olimning bu asari Ibn Sinoning “Tib qonunlari”dan keskin farq qiladi. Ibn Sino dorivor vositalarning tarkibini, xususiyatlarini hamda kasallikka taʼsirini, dorivor vositalardan dorinoma boʼyicha malham, ichimlik, dori tayyorlashni aniq yozgan.
Beruniy esa oʼz asarida ana shunday dorivor vositalarning turli tillardagi muqobillari, hatto ayrim shevalardagi nomlarini ham keltirib oʼtgan. Chunki, oʼsha vaqtlarda birgina dorining turli nomlari bor va (yoki) bitta atama turli dorilarni anglatar edi. Bu haqda Beruniy shunday bir hikoyani misol keltiradi: “Dorilarning turli tillardagi nomlarini aniq bilish inson uchun foydalidir. Mening esimda, xorazmlik bir amir kasal boʼlib qolganida uning davosi uchun Nishopurdan dorinoma joʼnatadilar. Lekin dorishunoslar, hakimlar dori tarkibining bir qismini hech topa olmaydilar. Nihoyat, bir odamda borligini eshitib, dorivorning oʼn besh dirhamini besh yuz dirham toza kumushga sotib olishadi. Xarid qilingan modda gulsafsar ildizi ekan. Tabiblarning jahli chiqib, sotuvchiga taʼna qilishadi. Shunda u: “Sizlar dorivorning nomini bilmadingiz, lekin aslida shuni soʼradingiz” deya javob beradi.
Beruniy goho muammolar keltiradigan bu kabi chalkashliklarni bartaraf etish maqsadida oʼz asarida nabotot, hayvonot, maʼdan va ulardan olinadigan taxminan 4500 ta dorivor vosita haqida maʼlumot berib, ularning arabcha, suryoniy, soʼgʼdiycha, forscha, xorazmcha, turkcha va boshqa tillardagi nomlarini keltirish bilan birga, oʼsha davr dorishunoslik atamashunosligiga katta hissa qoʼshgan. Olim goh u atamaga, goh bu atamaga izoh berish jarayonida tibbiyotga daxldor talay maʼlumotlarni ham berib oʼtganki, bu asarning koʼpqirraligini taʼminlagan.
Muallif 2000 yillik davrda yashab oʼtgan tabiblaru hakimlar va dorishunos olimlar, tabiatshunoslardan 250 nafarining asarlaridan foydalangan. Oʼrni kelganda, maqollar, sheʼriy parchalardan ham misollar keltirib, atamalarning maʼno qirralarini yoritishga erishgan. Dorivor moddalarni izohlar ekan, ularning shifobaxshlik xususiyatlarini ham ochib berishga intilgan: “Havorang gulli ayiqtovon oʼsimligi bavosilga davo boʼladi, qizil gullilari esa bavosilni kuchaytiradi... Boʼtakoʼzning damlamasi yara-chaqalarga malham boʼladi. Lekin hakimlar boʼtakoʼzning mijozini sovuq va hoʼlga tenglashtirishadi. U holda yaralarga malham emas, tinchlantiradigan vositadir. Qubiyun toshi oʼtkir taʼmli hidga ega boʼlib, u yiringni tortib oladi”.
Beruniy va undan oldingi davr tibbiy atamalari shu dorivor olinadigan mahsulot nomiga, kasallik nomiga va dorining xususiyatlariga nisbatan ifodalangan. Bu xizmatlar oʼtmish tabiblarimiz va tabobatga oid fanning xalqchilligini va amaliyotda qoʼllashning qulayligini taʼminlaydi. “Saydana”da bu atamalarning bir necha tillardagi muqobillari va sinonimlari berilishi tabobat ilmini umumjahon ahamiyatiga molik qilgan. Ulugʼ alloma Аbu Rayhon Beruniyning buyuk tarixiy xizmati ham ana shunda.