17:51 (07.05.2024)
904
Mutaxassislar fikricha, har qanday suyuqlik ham qabul qilinayotgan preparatga toʼgʼri kelmasligi mumkin. Zero, har qaysi dori vositasining tarkibi va taʼsir doirasi turlicha boʼlib, u yoki bu turdagi suyuqlik bilan oʼzaro taʼsirga kirishadi.
Suv, yoki minerallar?
Kapsuladagi tabletkalar tik turgan holatda 100 ml. qaynatilgan iliq suv bilan ichilishi kerak. Suyuqlik miqdori oz boʼlsa, kapsula qiziloʼngachga yopishib qolishi ham mumkin.
Yurak faoliyatini yaxshilashga moʼljallangan tomchi dorilarni 20-30 ml. suv yoki qand boʼlagiga tomizib, soʼng qabul qilsa ham boʼladi.
Mukalitik turdagi tabletkalar (mukaltin) 1 osh qoshiq suvda eritib ichilsa, yaxshi taʼsir etadi.
Eritromitsin guruhiga mansub dori vositalarini ishqorli suv bilan qabul qilish lozim. Nordon sharbatlar esa tavsiya etilmaydi.
Kofein, teobromin va teofillin preparatlari esa aksincha nordon sharbatlar bilan ichilishi mumkin.
Isitma qoldiruvchi dori vositalari sut bilan ichilmaydi! Bunda 150 ml. qaynagan suv kifoya.
Qahva yoxud choy?!
Tanin moddali choylar dori turlari tarkibini oʼzgartirib yuborishi mumkin. Аyniqsa, kamqonlikni davolashda qoʼllaniladigan temir moddasidan iborat preparatlarni choy bilan ichish mumkin emas!
Bu holatda choʼkma hosil boʼlishi va organizmga nojoʼya taʼsir qilish ehtimoli mavjud. Shuningdek, qon-tomir kasalliklari, hazm qilish faoliyatini yaxshilovchi, meʼda yarasi, antibiotiklar hamda nevrologiyada qoʼllaniluvchi dori vositalarini ham choy bilan ichish tavsiya etilmaydi.
Qahva esa preparat taʼsirini kamaytirib, organizmdan ajralib chiqishini tezlashtiradi. Umuman, dorini qahva bilan qabul qilish kutilmagan holatlarga olib kelishi kuzatilgan. Аyniqsa, ogʼriqsizlantiruvchi dori vositalarini ushbu ichimlik bilan ichish jigarga ziyon. Yaxshisi, preparatlarni qaynatilgan suv bilan iching.
Muattar Xoʼjaeva,
farmatsevtika fanlari nomzodi, dotsent