12:09 (19.01.2024)

885

Insonning qaysi organlari oʻzini tiklash xususiyatiga ega?

Inson organizmi – bu mukammal biologik mexanizm. Har soniyada organizmimizda salkam 4 million, bir sutkada esa 330 milliardga yaqin hujayralar yangilanadi. Bu jarayon “regeneratsiya” deb ataladi.

Xoʻsh, insonning yana qaysi organlari oʻzini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega?

Jigar – inson organizmining asosiy filtri. Bu noyob organ qonni toksinlardan tozalash va muhim moddalarni sintez qilish kabi funksiyalarni bajarish bilan birga, turli omillar taʼsirida zararlangandan soʻng oʻz faoliyatini tiklash xususiyatiga ham ega. 

Jigarning 75 foizgacha qismi olib tashlanganda ham u bir necha oy ichida asl hajmiga qayta olishi mumkin. Bu jarayon jigarning asosiy hujayralari hisoblangan gepatotsitlar boʻlinishi va ular nobud boʻlgan yoki zararlangan hujayrlarning oʻrnini bosishi orqali roʻy beradi.

Teri – inson organizmini tashqi taʼsirlardan himoya qiluvchi birinchi “toʻsiq” hisoblanadi. Terida kichik yara yoki jarohat paydo boʻlganda epidermis hujayralari – keratinotsitlar oʻzini oʻzi tiklashni boshlaydi. Bunda, xuddi jigarda boʻlgani kabi hujayralar boʻlinib zararlangan hujayrlar oʻrnida yangilarini shakllantiradi. Buning natijasida esa yara tezroq tuzalib, terining silliqligi va tarangligi qaytadi.

Suyak toʻqimalari ham oʻzini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega, ammo buning uchun koʻproq vaqt talab etiladi. Suyak toʻqimalarining tiklanishida ikki hujayra – osteoblastlar va osteoklastlar asosiy rol oʻynadi. Ularning biri yangi suyak toʻqimasining shakllanishiga javob bersa, ikkinchisi zararlangan hujayrlarni organizmdan olib tashlash (rezorbsiya) vazifasini bajaradi.

Yaʼni, suyak toʻqimasi shikastlangandan soʻng osteoblastlar yangi toʻqimalar, kollagen qatlamlarini shakllantirib, ularni kalsiy va fosfor kabi minerallar bilan boyitadi. Bu shikastlangan boʻgʻimning mustahkamligini tiklash imkonini beradi. Muntazam jismoniy mashqlar ham shikast yetgan sohada qon aylanishi va tiklanish jarayoni tezlashishiga yordam beradi.

Umuman olganda, inson organizmidagi koʻplab organ, toʻqima va mushaklar u yoki bu darajada oʻzini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega. Sogʻlom turmush tarzi, jismoniy faollik, toʻgʻri ovqatlanish esa ichimizda uzluksiz kechayotgan yangilanishlar jarayonini yanada tezlashtirish imkonini beradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech