12:03 (09.11.2023)
1376
Davlat byudjeti mablagʼlarining maqsadli yoʼnaltirilishi, undan unumli foydalanilishi sohalar ravnaqi va aholi farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuning uchun davlat byudjeti loyihasini ishlab chiqish va takomillashtirish davomida har bir soha va yoʼnalishlarga lozim boʼlgan mablagʼlarni oʼrinli yoʼnaltirish dolzarb ahamiyatga ega.
Shu kunlarda “2024 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʼgʼrisida”gi qonun loyihasi parlament quyi palatasida koʼrib chiqilmoqda. Qoʼmita va fraktsiyalar hukumat tomonidan taqdim etilgan Byudjetnoma loyihasini yanada takomillashtirish boʼyicha ish olib bormoqda.
OʼzXDP fraktsiyasining ayni masala muhokamasiga qaratilgan yigʼilishida deputat Maqsuda Vorisovaning Byudjetnoma loyihasi uchun bildirgan taklifi inobatga olindi. Gap shundaki, deputatning aytishicha, ijtimoiy kasallik boʼlgan qandli diabetning oldini olish boʼyicha Prezidentning tegishli qaroriga koʼra, 40 yoshdan oshgan aholi vakillarining barchasi glyukozaga tekshirilishi kerak. Аmmo byudjet loyihasida mazkur masala koʼzda tutilmagan, mablagʼ ajratilmagan. Bunga javoban masʼullar ushbu taklif inobatga olinishini, davlat byudjeti loyihasiga kiritilib, mablagʼ ajratilishini maʼlum qildi.
Shuningdek, Maqsuda Vorisova loyihadagi soliq maʼmurchiligi bilan bogʼliq qismidan joy olgan dori-darmonga taalluqli imtiyozlarning olib tashlanishi narx-navoning oshib ketishiga taʼsir qilishi mumkinligini, bu esa aholiga qiyinchilik tugʼdirishini taʼkidladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi departamenti direktori oʼrinbosari Umid Hamroev bunga javoban quyidagilarni qayd etdi:
— Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan 76 turdagi dori vositalari QQS toʼlovchi hisoblanadi. Lekin bizda dori ishlab chiqaruvchilar, dorixonalar QQS toʼlashdan ozod boʼlgani uchun buni hisobga olishning iloji yoʼq. Ulgurji savdoda 15 foiz, chakana savdoda 20 foizgacha ustama qoʼyish belgilangan. Аmmo koʼp hollarda dori vositalariga xohlagancha narx qoʼyib sotish holatlari kuzatilmoqda. Dorixonalarning QQS toʼlamasligi dori vositalarining narxini kamaytirishga taʼsir qilmaydi. Аksincha, QQS oʼrnatilsa, dori vositalari narx-navosini nazorat qilish tizimi yaratilishiga xizmat qiladi.