15:00 (23.05.2024)

1308

JSST tuzdan foydalanishni majburiy cheklashga chaqirdi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti (JSST) tayyor ovqatlar, jumladan, jamoat joylarida sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlarida tuzdan foydalanishga majburiy cheklovlar joriy etishga chaqirdi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi. 

JSST ekspertlari tuzni haddan tashqari koʼp isteʼmol qilish gipertoniya va boshqa yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishiga olib kelishini aytmoqda. Bu kasalliklardan har kuni dunyoda 10 ming kishi vafot etadi. Ular orasida erkaklar ulushi ayollarga qaraganda 2,5 marta koʼp.

Bundan tashqari, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 30 yoshdan 69 yoshgacha boʼlgan yurak-qon tomir kasalliklaridan oʼlish ehtimoli Gʼarbiy Yevropaga qaraganda deyarli 5 baravar yuqori. Gipertoniya Yevropa mintaqasida barcha oʼlimlarning deyarli toʼrtdan bir qismini va nogironlarning 13 foizini tashkil qiladi.

Аksariyat yevropaliklar koʼp tuz isteʼmol qiladi va 30-79 yoshdagi har uchinchi odam gipertoniyadan aziyat chekadi. Organizmda koʼp miqdordagi tuz yuqori qon bosimini keltirib chiqaradi, bu esa oʼz navbatida yurak-qon tomir kasalliklariga sabab boʼladi.

Koʼcha ovqatlari va yarim tayyor oziq-ovqatlar tuzni haddan tashqari koʼp isteʼmol qilishning asosiy sababi hisoblanadi, — deya ogohlantiradi JSST tadqiqotchilari.

Tashkilot mutaxassislari kuniga 5 grammdan koʼp boʼlmagan tuz isteʼmol qilishni tavsiya etadi. Jamoat joylarida sotiladigan ovqatlarda tuzdan foydalanishni majburiy cheklashga chaqiradi. JSST hisob-kitoblariga koʼra, tuz isteʼmolini 25 foizga kamaytirish siyosati 2030 yilga borib 900 ming kishining hayotini saqlab qolishi mumkin.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech