Yangiliklar

not found

Miyada yangi turdagi gibrid hujayralar aniqlandi

Xalqaro olimlar jamoasi miya hujayralarining ilgari nomaʼlum turini topdi. Ular neyronlar va astrotsitlar orasida mavjud boʼlib, ikkalasining xususiyatlariga ega, shuning uchun ular nevrologik funktsiyalarda faol rol oʼynashi va atrofdagi asab toʼqimalariga taʼsir qilishi mumkin. Astrotsitlar yelim kabi neyron kanallarni oʼrab olgan miya hujayralaridir. Uzoq vaqt davomida ular butunlay passiv va faqat neyronlarni himoya qilish uchun kerak deb hisoblangan. Ammo keyinchalik maʼlum boʼldiki, astrotsitlar miyadagi asosiy neyromediator boʼlgan glutamatni chiqarib, neyronlarning faollashishiga hissa qoʼshadi. Buyuk Britaniya va Yevropa olimlari yangi tadqiqot davomida sichqonlar miyasida ilgari nomaʼlum boʼlgan “gibrid” hujayralarni topdilar. Ular gippokampdagi toʼqqizta astrotsit toʼplamini aniqladilar va eʼtiborlarini ulardan biriga qaratdilar. U alohida lokalizatsiya qilingan va maxsus molekulyar mexanizmlarga ega edi. "Bu neyronlarning faolligini modulyatsiya qiluvchi, shuningdek, neyronlarning aloqa va qoʼzgʼalish darajasini nazorat qiluvchi hujayralardir", deb tushuntirdi nevrologlar. Gibrid hujayralar yoʼq qilingandan soʼng, sichqonlarda xotira muammolari paydo boʼldi. Kelajakda olimlar glutamatergik astrotsitlarning (shunday nom berilgan) Altsgeymer kasalligi va xotira bilan bogʼliq boshqa kasalliklarning rivojlanishidagi rolini oʼrganish niyatida, deb xabar bermoqda Nature. 

  • 12 Sentyabr, 09:01
  • Batafsil
not found

Oʼzbekiston va АQSh dori vositalari xavfsizligi boʼyicha hamkorlik qiladi

Oʼzbekiston va АQSh oʼrtasida xavfsiz va sifatli dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish boʼyicha anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu muhim hujjat Toshkentda ilk bor tashkil etilgan Oʼzbekiston–АQSh sogʼliqni saqlash forumida maʼqullangan. Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov va АQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Devid Hoffman imzo chekkan hujjat Oʼzbekistonda sil va boshqa kasalliklarga qarshi dori vositalaridan xavfsiz va sifatli foydalanish imkoniyatini kengaytirish, farmatsevtika tarmogʼi ravnaqini qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan. «Memorandum ikki hukumatning barcha uchun salomatlikni yaxshilash boʼyicha umumiy maqsadlarga erishishda hamfikr ekanini yana bir karra tasdiqlaydi», – deyiladi АQSh elchixonasi xabarida. USAID Oʼzbekistondagi milliy manfaatdor tomonlar va hamkorlar bilan dori vositalari sifatini taʼminlash tizimini barqaror mustahkamlash hamda fuqarolarning sifati kafolatlangan dori vositalari va tibbiy buyumlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida yaqindan hamkorlik qiladi. Bu borada АQSh farmakopeyasi tomonidan amalga oshirilayotgan «Sifatli dori vositalarini targʼib qilish+» dasturi asosiy oʼrin tutadi. Sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov va АQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik imzolagan kelishuvga koʼra esa, Oʼzbekiston АQSh Global sogʼliqni saqlash xavfsizligi dasturining 50 ta hamkor mamlakatidan biriga aylanadi.

  • 11 Sentyabr, 16:06
  • Batafsil
not found

Gadjetlar va Internet tarmoqlari bolalar salomatligiga salbiy taʼsir koʼrsatadi

Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutining bolalar va oʼsmirlar gigienasi laboratoriyasi xodimlari tomonidan poytaxtimizdagi umumtaʼlim maktablari oʼquvchilari oʼrtasida soʼrovnoma oʼtkazildi. Unda 2022-2023 oʼquv yili davomida 11 yoshdan 17 yoshgacha boʼlgan 900 nafar oʼquvchi ishtirok etdi. Tadqiqotda zamonaviy raqamli qurilmalar va Internetdan koʼp foydalanishning bolalar salomatligiga taʼsirini baholashga eʼtibor qaratildi. Statistik maʼlumotlar tahlili endokrin tizim, ovqatlanish va metabolik kasalliklar bilan bogʼliq shikoyatlarga ega bolalar oʼrtacha 41 foizni tashkil etishini koʼrsatdi. Umumiy kasallanishning qiyosiy tahliliga koʼra, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʼp foydalanadigan oʼquvchilarda raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan oʼquvchilarga nisbatan ruhiy va xatti-harakatlarning buzilishi bilan bogʼliq belgilar koʼproq uchradi. Soʼrovnoma natijalariga koʼra, bolalar orasida asab tizimi kasalliklarining yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan. Shuningdek, bolalar orasida qon aylanish, nafas olish tizimi kasalliklari, shovqin va quloq bilan bogʼliq shikoyati borlar aniqlangan. Bundan tashqari, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʼp foydalanadigan oʼquvchilar ovqat hazm qilish tizimidagi muammolardan 1,1 baravar koʼproq, 31 foizi esa tish ogʼrigʼi va kariesdan shikoyat qilgan. Bu raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan oʼquvchilarga nisbatan 6,4 foizga koʼpdir. Xulosa qilib aytganda, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʼp foydalanadigan oʼquvchilarda raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydiganlarga nisbatan turli kasalliklarning yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan. Bu – gadjetlar va Internet tarmoqlari bolalar salomatligiga salbiy taʼsir koʼrsatishidan darak.

  • 11 Sentyabr, 13:02
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech