12:14 (08.01.2024)
1334
Buyrakning zoʻriqishi nafaqat uning faoliyati buzilishi, balki yurak xuruji va insultga sabab boʻlishi mumkin. Siz-u biz eʼtibor bermaydigan kundalik odatlar salomatlik uchun muhim boʻlgan aʼzoni zararlanishiga olib keladi.
Qayta ishlangan goʻsht mahsulotlarini isteʼmol qilish
Konserogen hisoblanuvchi sosiska, kolbasa va boshqa qayta ishlangan goʻsht mahsulotlari buyrak faoliyati uchun ham xavfli hisoblanadi. Qayta ishlangan goʻsht mahsulotlari tuz bilan toʻyinganligi sababli uning isteʼmolidan keyin buyrak avvalgidan ham koʻproq ishlashiga toʻgʻri keladi, bunda kalsiy ishlab chiqarish miqdori koʻpayadi, bu esa buyrakda tosh paydo boʻlishiga olib keladi.
Qon bosimini nazorat qilmaslik
Yuqori qon bosimi deyarli barcha tana tizimlari, xususan buyraklar uchun ham xavfli sanaladi. Gipertoniya buyraklarni qon bilan taʼminlovchi tomirlarga, shuningdek, buyrakning oʻziga ham jiddiy zarar etkazishi mumkin. Shuning uchun qon bosimi darajasini kuzatib borish, tushib ketganda yoki 130 dan oshganda shifokorga murojaat qilish kerak.
Chekish
2012-yilda oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, 16 yil yoki undan koʻp vaqt chekmasa, buyrak saratoni xavfi 40 foizga kamayishi aniqlangan. Chekish, shuningdek, qon tomirlariga zarar yetkazishi va qon bosimining koʻtarilishiga olib kelishi mumkin.
Kam miqdorda suv ichish
Kuniga ikki litr suv ichishning hojati yoʻq, bir litrdan bir yarim litrgacha suyuqlik yetarli, lekin undan kami jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Kerakli miqdorda suyuqlik isteʼmol qilinmaganda organizmda natriyni parchalash va qon bosimini meʼyorda boʻlishini nazorat qilish uchun suv yetishmaydi. Shu bois suv ichishga eʼtiborli boʻlish va kuniga kamida bir litr suv ichish tavsiya etiladi.
Ogʻriqni qoldiruvchi dori vositalarini koʻp miqdorda isteʼmol qilish
Yalligʻlanishga qarshi, ayniqsa, tarkibida aspirin va ibuprofen boʻlgan dori vositalari, buyrakka qon quyilishini kamaytiradi va buning oqibatida buyrakda chandiq paydo boʻlishiga olib keladi. Shu sabab ushbu preparatlarni faqatgina shifokor koʻrsatmasiga binoan qabul qilish, agarda buyrakda muammo boʻlsa bunday dori-darmonlarni qabul qilmaslik kerak.
Xalq tabobati bilan davolanish
Dorivor oʻsimliklar bilan oʻz-oʻzini davolash dori vositalarini nazoratsiz ishlatish kabi xavfli boʻlishi mumkin. Koʻpgina "oʻtlar" tanamizning holati va faoliyatiga, shu jumladan buyraklarga jiddiy taʼsir koʻrsatadigan moddalarni oʻz ichiga oladi. Shuning uchun, foydalanishdan albatta shifokor yoki farmatsevt bilan maslahatlashish kerak.