16:00 (27.12.2022)

2306

2023 yilga moʼljallangan Davlat byudjeti maʼqullandi

Senatning 36-yalpi majlisida “2023 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʼgʼrisida”gi Qonun koʼrib chiqildi.

Mazkur Qonun bilan 2023 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari hamda 2024–2025 yillar uchun byudjet moʼljallari belgilangan.

Taʼkidlanganidek, Qonunga koʼra, 2023 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning oʼsish surʼatlari 5,3 foizni va isteʼmol narxlari indeksi 2022 yilning dekabrь oyiga nisbatan 9,5 foiz miqdorida boʼlishidan kelib chiqib, Davlat byudjeti parametrlari hisob-kitob qilingan.

Oʼzbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan byudjetining daromadlari 2023 yilda 310,7 trln soʼmni hamda xarajatlar 343,2 trln soʼmni tashkil etishi kutilmoqda.

Qonun bilan 2023 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasi (Oʼzbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va Oʼzbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish boʼyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd АQSh dollari miqdorida etib belgilanmoqda.

2023 yilgi Davlat byudjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamgʼarmalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trln soʼmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qilmoqda.

Senatorlar Davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yoʼnaltirilayotgan mablagʼlar miqdoriga jiddiy eʼtibor qaratdilar. Qayd etilganidek, taʼlim sohasi xarajatlari 58,4 trln soʼm, sogʼliqni saqlash sohasiga 28,4 trln soʼm, madaniyat sohasiga 2,5 trln soʼm, sport sohasiga 2,3 trln soʼm va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 2023 yilda 1,8 trln soʼm yoʼnaltirish belgilangan.

2023 yil uchun Davlat byudjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yoʼnalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trln soʼm ajratiladi. Shu bilan birga kelgusi yilda jami 52 mingdan ortiq daromadi yuqori boʼlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti boʼyicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan 1,1 trln soʼm subsidiyalar toʼlab berilishi koʼzda tutilgan.

Iqtisodiyotga ajratilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar 36,7 trln soʼmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,4 foizni, jami xarajatlarning 14 foizini tashkil etib, bu mablagʼlar asosan tomchilatib sugʼorish, geologik qidiruv ishlarini va aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda uy-joy kommunal xizmatlari bilan bogʼliq xarajatlarni moliyalashtirishga yoʼnaltirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur Qonun Senat aʼzolari tomonidan maʼqullandi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech