15:11 (29.03.2023)

2646

2023 yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori belgilandi

Oʼzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼatining milodiy 2023 (hijriy 1444) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori boʼyicha qarori eʼlon qilindi.

Zakot nisobi
Zakotning tillodan nisobi 85 gramm boʼlib, bugungi kunda 585 probali 1 gramm tilloning oʼrtacha narxi 420 000 (toʼrt yuz yigirma ming) soʼm ekani eʼtiboridan, bu yilgi ZАKOT nisobi 35 700 000 (oʼttiz besh million yetti yuz ming) soʼm deb belgilandi.
Shunga koʼra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 35 700 000 (oʼttiz besh million yetti yuz ming) soʼm va undan ortiq pul mablagʼi yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moliga ega boʼlgan musulmon kishi, jami mablagʼining qirqdan biri (2,5%)ni ajratib, uni zakot niyatida kambagʼal va faqirlarga beradi.

Fitr sadaqasi va fidya miqdori
Fitr sadaqasining miqdori bugʼdoydan yarim soʼ (≈ 2 kg.), arpadan bir soʼ (≈ 4 kg.), mayizdan yarim soʼ (≈ 2 kg.) va xurmodan bir soʼ (≈ 4 kg.)dir.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning bozordagi oʼrtacha narxlari 1 kg. bugʼdoy – 6 ming, 1 kg. arpa – 5 ming, 1 kg. mayiz – 50 ming va 1 kg. xurmo – 45 ming soʼm ekanligini inobatga olib, bu yilgi FITR sadaqasi quyidagicha etib belgilandi:

  • bugʼdoydan ≈ 2 kg. 12 000 (oʼn ikki ming) soʼm;
  • arpadan ≈ 4 kg. 20 000 (yigirma ming) soʼm;
  • mayizdan ≈ 2 kg. 100 000 (yuz ming) soʼm;
  • xurmodan ≈ 4 kg. 180 000 (bir yuz sakson ming) soʼm deb belgilandi.

FIDYa miqdori fitr sadaqaning miqdori bilan bir xil boʼladi.
Shunday ekan, har kim oʼz imkoniyatiga qarab ushbu toʼrt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini va fidya miqdorini bersa kifoya qiladi.

Eslatma: Mazkur qiymatlar Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat oʼz bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech