09:08 (20.04.2023)

1924

"Bolaning sogʼlom ovqatlanish haftaligi” doirasida 2 million qutiga yaqin dori-darmonlar hududlarga yetkazib beriladi

Sogʼliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor “Bolaning sogʼlom ovqatlanish haftaligi” boshlandi.

19-29-aprel kunlari boʼlib oʼtadigan mazkur haftalik doirasida yurtimizdagi 208 ta koʼp tarmoqli markaziy poliklinika, 1049 ta oilaviy poliklinika, 1080 ta oilaviy shifokor punktining 17,3 mingta tibbiy brigadalari va 34,6 ming nafar patronaj hamshiralari tomonidan 1 million 878 ming nafardan ziyod 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlanadigan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutrient kukunlari topshiriladi.

Unga koʼra, har bir tibbiy brigada tomonidan 6-23 oylik bolalar roʼyxatlari asosida mikronutreint kukunlarini onalarga yetkazish va uni uy sharoitida tayyorlash boʼyicha individual mashgʼulotlar oʼtkaziladi.

6 oydan 23 oygacha boʼlgan davrda bolaning sogʼlom va aqliy rivojlanishi uchun temir, А, S, V6 vitamini, yod, sink, folat kabi mikroelementlar juda muhim,deydi Sogʼliqni saqlash vaziri oʼrinbosari Elmira Bositxonova.Shu sababli vazirlik tomonidan yurtimiz boʼylab “Bolaning sogʼlom ovqatlanish haftaligi” tashkil etildi.

Mazkur oʼn kunlik davomida davlatimiz tomonidan ajratilgan 50 mlrd. soʼm mablagʼ evaziga xarid qilingan va bolalarning oziqlanishida yetishmaydigan faol biologik qoʼshimchalardan iborat 2 million qutiga yaqin dori-darmonlar har bir hududga belgilangan talabnoma asosida yetkazib beriladi.

Shuningdek, haftalik davomida yosh onalar va bolaning oila aʼzolari bilan 6 oylikkacha goʼdaklarni mutlaq ona suti bilan boqishning ahamiyati hamda 6 oylikdan boshlab chaqaloqlarni qoʼshimcha ovqatlar bilan toʼgʼri ovqatlantirish va ularni parvarishlash boʼyicha suhbatlar oʼtkazish rejalashtirilgan.

Targʼibot ishlari Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tayyorlangan “Bir yoshgacha bolalar ovqatlanishi” va “Bolani parvarishlash va rivojlanishi uchun uslubiy qoʼllanmalar" asosida tashkil etiladi.

Bundan tashqari, tibbiyot brigadalari uchun Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining “Goʼdak hayotining dastlabki 1000 kunligi” mavzusida bolani toʼgʼri ovqatlantirish va koʼkrak suti bilan boqishning ahamiyatiga bagʼishlangan seminarlar oʼtkazish ham koʼzda tutilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech