09:44 (06.02.2023)

2224

Dorixonada beriladigan tovar va kassa cheki nima uchun kerak?

"Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʼgʼrisida"gi nizomda, dorixonada dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan birga sotib oluvchiga:

✅ identifikatsiya maʼlumotlari (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori),
✅ dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining nomi, ularni beruvchi shaxsga oid maʼlumotlar,
✅ berish sanasi va narxi koʼrsatilgan tovar cheki taqdim etilishi belgilangan.

Xarid uchun chek berish majburiymi?

Yurtimizda 2020 yilning yanvarь oyidan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarga oʼtish jarayoni boshlandi.

Dorixonalarda har bir xarid QR kodli chek berish bilan birga amalga oshirilishi lozim. Bunday cheklar qonuniy faoliyatdan guvohlik beradi. Ular faqat onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalar orqali beriladi.

Maʼlumot oʼrnida, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq:

✅ toʼlov terminali orqali qabul qilingan toʼlovlar uchun xaridorlarga terminal cheki bilan birga onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart;

✅ xarid chekida tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qoʼshilgan qiymat soligʼi stavkasi, shuningdek QR kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu maʼlumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi.

Oʼzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasiga koʼra:

Nazorat-kassa texnikasining va (yoki) hisob-kitob terminallarining qoʼllanilishi majburiy boʼlgani holda, ularni qoʼllamasdan savdo qilish va xizmat koʼrsatish, chek bermaslik, toʼlovni hisob-kitob terminali orqali qabul qilishni rad etish besh million soʼm miqdorida jarima solishga sabab boʼladi.

❗️Hurmatli isteʼmolchilar.

Аgar dorixonada tovar cheki birishni rad etish holatiga duch kelsangiz, shuningdek Sizga QR kodli chek berilmasa va plastik karta orqali xarid qilganingizda narx oshirilsa, Coliq qoʼmitasining (71) 244-98-98 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

Tovar cheklarining ahamiyatli tomoni shundaki, agar isteʼmolchida dori vositasining narxi oshirilganligi xususida shubha yuzaga kelsa, uni aniqlash tovar cheklari orqali amalga oshiriladi.

Muzaffar Rajabov,
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi mutaxassisi

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech