15:06 (14.07.2023)
2186
Jazirama zabtiga olgan shu kunlarda choʼmilish havzalari juda gavjum. Hatto shaharu tuman markazlarida yon-atrofga salqinlik taratib turgan baʼzi favvoralar hovuzlarida ham bolajonlarni uchratyapmiz.
Аmmo shifokorlar bunday havzalarda choʼmilish salomatlik uchun zararli, degan xulosada.
Dilorom Tursunova,
Sanitariya-epidemiologiya qoʼmitasi boʼlim boshligʼi:
— Favvoralar — havoni namlantirib turish va yon-atrofga estetik koʼrk bagʼishlash maqsadida barpo etiladi. Ular choʼmilish uchun moʼljallanmagan. Bunday obyektlar suvi basseynlar singari tez-tez almashtirilmaydi va zararsizlantirilmaydi. Shu bois issiqda ularda mikroorganizmlar tez va oson koʼpayadi.
Oqibatda favvorada choʼmilish oʼtkir virusli ichak infektsiyalari, gepatit (А,E), ichburugʼ, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishiga sabab boʼladi. Qolaversa, bunday hafzalarga turli kommunikatsiya va yoritish moslamalari oʼrnatilgan boʼlishi mumkin. Bu esa suv ostidagi konstruktsiyalarga qoqilib, jarohat olish xavfini oshiradi.
Yana bir omil: fontanlar — qushlar, it va mushuklar hamda boshqa jonivorlar chanqogʼini qondirishi, choʼmilishi, shoʼngʼishi uchun ochiq hamda qulay manba. Bu esa mazkur havzalarga turli lichinkalar tushishiga olib keladi. Аgar shunday ifloslangan suvga bolalar, ayniqsa, badanida turli yara va jarohatlari bor oʼgʼil-qizlar tushsa, teri kasalliklarini keltirib chiqaruvchi stafilokokk, streptokokk, enteraviruslar va boshqa parazit hamda mikroblarni yuqtirib olishi oson.
Bunday muhit burun, ogʼiz va quloq shilliq qavatlari yalligʼlanishiga ham olib kelishi ehtimoli mavjud. Oʼz navbatida, yomgʼir suvi favvoralarga qoʼshilishi ular tarkibida zararli kimyoviy aralashmalar paydo boʼlishiga olib kelishini unutmaslik kerak.
Аyni sababdan, avvalo, taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslikni tavsiya etamiz. Аgar ochiq havzalarda choʼmilish vaqtida va undan keyin holsizlik, koʼngil aynishi, qusish, tana harorati koʼtarilishi, ich ketishi, qorin dam boʼlishi kabi alomatlar yuzaga kelsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim.