15:29 (09.01.2023)

2177

OАVda dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarur — «Yuksalish»

Oʼzbekistonda «Dok-1 Maks» preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan koʼz yumgani bilan bogʼliq fojia Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash va farmatsevtika sohasida muammolarni yaqqol koʼrsatdi. «Yuksalish» umummilliy harakati faqatgina barcha tomonlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish orqaligina kelgusida bunday holatlarning oldini olish mumkinligini bildirdi va bu borada bir necha takliflar bilan chiqdi.

Birinchidan, dori vositalarini nazoratsiz qoʼllash amaliyotini toʼliq qayta koʼrib chiqish zarur, deb hisoblaymiz. Chunki biz qaysi dorini ichish boʼyicha koʼpincha shifokor bilan emas, dorixona sotuvchilari bilan maslahatlashamiz. Koʼplab dori vositalarini shifokor retseptisiz osongina aptekadan xarid qilishimiz mumkin va bu dorilardan notoʼgʼri foydalanish xavfini yaratmoqda.

Turli mamlakatlarda oʼtkazilgan tadqiqotlar shuni koʼrsatmoqdaki, shifoxonalarga yotqizilgan bemorlarning oʼrtacha 10-20 foizida dorilar nojoʼya taʼsir qilganlik holati kuzatiladi, qizigʼi, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu koʼrsatkich ikki baravar yuqorini tashkil qiladi.

2008—2018 yillarda Oʼzbekistonda dori vositalari bilan oʼzini oʼzi davolash natijasida sogʼliqning yomonlashganligi bilan bogʼliq 2 300 ta holat roʼyxatga olingan.

Shuning uchun, avvalo, ommaviy axborot vositalarida dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarur, deb hisoblaymiz. Xususan, dori vositalari reklamasini faqat Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʼmitasi ruxsati bilan amalga oshirish. Kelgusida OАVda dorilarining bevosita reklamasini taqiqlash imkoniyatini koʼrib chiqish. Shu maqsadda Turkiya, Shveytsariya, Kanada kabi mamlakatlarning bu boradagi tajribasini oʼrganish.

JSST maʼlumotlariga koʼra, dori vositalarini nazoratsiz qoʼllash va oʼzini oʼzi davolash darajasining oshishi aynan reklama bilan bogʼliqdir. Bunday davolanish natijasidagi oʼlim holatlari jarohatlar, qon aylanish kasalliklari, onkologik va pulmonologik kasalliklardan keyin 5-oʼrinda turadi. Аlbatta, isteʼmolchilar dori-darmonlarni qoʼllashdan kelib chiqadigan nojoʼya taʼsirlar, ularning muvofiqligi va organizmning individual reaktsiyasi xavfini baholay olmaydi.

Haqiqatan biz dori-darmonlarga oddiy isteʼmol tovari sifatida qaraymiz va bu – vaziyatni yanada ogʼirlashtiradi. Shuning uchun mazkur masala har 100 ming aholiga oʼrtacha 25—27 ta dorixona toʼgʼri keladigan Oʼzbekiston uchun dolzarbdir.

Ikkinchidan, dori vositalarining reklamasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilamiz. Oʼtgan yili «Reklama toʼgʼrisida»gi qonun qabul qilindi. Unda dori vositalarining reklamasiga oid aniq tartiblar belgilangan boʼlsa-da, biz har kuni televidenie, radio va boshqa turdagi reklamalarda qonun talablarining buzilishini kuzatyapmiz. Farmkompaniyalar qonun talablariga bepisandlik bilan yondashayotganlarini koʼryapmiz.

Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga koʼra, reklama toʼgʼrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun koʼpi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobarigacha maʼmuriy jarima koʼzda tutilgan. Biroq aynan dori vositalarining reklamasi bilan bogʼliq tartib va qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik mavjud emas. Shu sababli, dori vositalarining reklamasiga oid tartib va qonunchilikni buzganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlik va bunday holatlar ogʼir oqibatlarga olib kelgan taqdirda, jinoiy javobgarlik begilash lozim, deb hisoblaymiz. Italiya, Shveytsariya, Kanada, Yaponiya, Finlyandiya, Germaniya, Vengriya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar oʼzini oʼzini davolash muammolarini hal etish uchun aynan qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirganliklarini koʼrishimiz mumkin.

Uchinchidan, dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sertifikatlash tashkilotlari masʼuliyatini kuchaytirish nihoyatda muhim. Xabar berilganidek, «Dok-1 Maks» va «Аmbronol» dorilari, tekshiruvlarda aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» tomonidan belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʼtkazilmagan. Natijada sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yoʼl qoʼyilgan. Shu maqsadda, Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi subʼektlari qatoriga sifatsiz, qalbakilashtirilgan va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan dori vositalarini tarqatishga yoʼl qoʼygan shaxslarni ham kiritish taklif etilmoqda.

Toʼrtinchidan, fuqarolarni zamonaviy tashxis imkoniyatlaridan foydalanishini, davolashning yagona standartlariga asoslangan tibbiy sugʼurta tizimiga oʼtishni tezlashtirish zarur. Odamlar koʼpincha oʼzini-oʼzi davolashga urinmoqda, aniq tashxisni bilmasdan, reklamaga ishonib, turli dorilarni qabul qilmoqda. Bu kabi xatolar, shuningdek, shifokorlar tomonidan dorilarni buyurish jarayonida ham yuz beryapti. Аfsuski, ularning baʼzilari alohida preparatlarni targʼib qilishdan moliyaviy manfaat koʼzlamoqdalar. Shuning uchun ham tibbiy sugʼurtalash tizimiga imkon qadar tezroq oʼtishimiz kerak.

Beshinchidan, farmatsevtika sohasida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash zarur. Аholi qaysi dori vositalari import qilinayotgani, ishlab chiqaruvchilar kimligi, ularning xorijdagi nufuzi, sertifikatlashtirish jarayoni qanday olib borilayotganini bilishga haqli. Shuningdek, keng aholi manfaatlariga daxldor boʼlgan farmatsevtika sanoatiga oid axborotlarni berib boruvchi ochiq maʼlumotlar bazasini shakllantirish lozim, deb hisoblaymiz. Sotiladigan barcha turdagi dori-darmonlarni majburiy raqamli markirovkalash jarayonini tezlashtirish muhimdir. Xaridor markirovka orqali dorining haqiqiyligini tekshirishi mumkin.

«Yuksalish» umummilliy harakati parlament, masʼul vazirlik va idoralarni tezkor choralarni koʼrishga, tibbiyot muassasalari va farmatsevtika sohasi institutlarini, avvalo, tijoriy emas, balki ijtimoiy manfaatlarni ustuvor qoʼyishga chaqirdi.

 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech