14:00 (17.05.2023)

2642

Eng kamyob kasalliklar

Morgellon kasalligi

Bu kasallikni 2002 yilda amerikalik shifokorlar rasman qayd etdilar. Kasallik kechishining oʼziga xos xususiyati shundaki, bemor oʼz terisi ostida yuzlab hasharotlar, chuvalchanglar va turli qurtlar yurgandek his qiladi hamda buning sababini sira tushuntira olmaydi.

Dastlab shifokorlar bu holatga psixik muammo sifatida qaraganlar, ammo bemorlar terisidagi qichishish, shishlar, qizarishlar va mushaklarning uzluksiz qisqarishi kuzatilganidan keyin yanada koʼproq oʼrganishga majbur boʼlganlar.

2012 yilga kelibgina bu belgilar ruhiy kasallik belgilari ekanligi boʼyicha uzil-kesil xulosaga kelindi.

Xatchinson kasalligi (progeriya)

Progeriya yoki Xatchinson kasalligi — kamyob kasalliklar orasida eng mashhuri. Tugʼma genetik anomaliya tufayli bu kasallikka chalingan insonlar meʼyordagiga nisbatan 8 barobargacha koʼproq tezlikda qariy boshlaydilar. Аmmo eʼtiborli jihati, tana har qancha keksaymasin, aql bolalikdagicha qoladi.

Аksariyat hollarda bunday bolalar 12-13 yoshgacha nobud boʼladilar. Biroq Yaponiyada bu kasallikka chalingani holda 45 yoshgacha yashagan inson ham bor. Dunyo boʼyicha 80taga yaqin qayd etilgan bu kasallik oʼgʼil bolalarda qizlarga nisbatan ikki barobar koʼp uchraydi.

Bunday bemor Oʼzbekistonda, Аndijon tumanida ham bor.

Baliq hidi sindromi

Bu kasallik nisbatan koʼp uchraydi, balki mana shu satrlarni oʼqiyotgan mushtariylar orasida ham kimdir badanidan baliq hidi anqib turadigan odamni uchratgan ham chiqar. Sindrom ham holatni aynan ifodalagan holda nomlangan – baliq hidi sindromi (fan tilida — trimetilaminuriya).

Bu genetik patologiyaning oʼziga xos jihatida jigar trimetilaminlarni qayta ishlay olmay qoladi. Bu modda oʼtkir va yoqimsiz hidi bilan ajralib turadi. Natijada butun tanadan badboʼy taralib turadi. Bu kasallikning ham samarali davosi topilmagan.

Ogʼriqni sezmaslik

Bir qarashda muammo emasdek tuyiladigan bu sindrom ham inson uchun juda xavflidir. Bu, ayniqsa, bolalarda ogʼir kechadi. Suyaklari sinar darajada yiqilgan bolalar ham bu kasallik tufayli jilmayib turaverganlari qayd etilgan. Dunyo boʼyicha bir necha yuz shunday insonlar mavjud. Odatda yosh ulgʼaygani sari ogʼriq paydo boʼladi va katta yoshlilarda deyarli uchramaydi.

Kuru kasalligi

Yangi Gvineyadagi fore qabilasida koʼp uchrovchi bu kasallik juda ogʼir va shiddatli kechadi. Uning davosi topilmagan. Bemor dastlab juda kuchli bosh ogʼrigʼidan aziyat chekadi, keyin immunitet keskin tushib ketadi, eng ogʼir belgisi sifatida asab hujayralarining yemirilishi kuzatiladi va buning asorati sifatida oyoq-qoʼllar insonga boʼysunmay qoladi.

Bemor odatda bir yil ichida kuchli ogʼriqlardan azoblanib, yurak va oʼpka yetishmovchiligidan vafot etadi.

Patologik uyqusizlik

Uyqusizlik tufayli oʼlim topish mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Аmmo kamyob kasallik sifatida qayd etiluvchi patologik uyqusizlik koʼp hollarda oʼlimga olib keladi. Oʼtgan asrning yetmishinchi yillaridan boshlab oʼrganila boshlangan bu kasallik sababchisi 20-xromosomadagi mutagen jarayonlar ekanligi aniqlangan.

Kasallik yarim yildan bir necha yilgacha davom etishi mumkin. Bir necha oʼn kishida qayd qilingan bu kasallikka chalinganlar odatda organizmning haddan ziyod toliqishidan vafot etadilar.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech