11:03 (07.01.2023)

2062

"Xonadon dori qutisi": Undan foydalanishda qanday talablarga rioya qilish kerak?

Har birimizning uyimizda “xonadon dori qutisi” bor. Bunday “aptechka”lardan qaysi dorilar oʼrin olishi kerak? Ularni saqlash qoidalari qanday? Preparatlardan oʼzboshimchalik bilan foydalanish qanday ogʼir oqibatlarga olib kelishi mumkin?

“Dori vositalari, tibbiy buyum, ekspertiza standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmokologik nazorat boʼlimi yetakchi mutaxassisi Ravshan Аbdullaev shu haqdagi tavsiyalari bilan oʼrtoqlashdi.

— Dorilarning retsept asosida va retseptsiz beriladigan turlari bor, — deydi mutaxassis. — Birinchi turdagi preparatlar uchun, albatta, shifokor retsepti talab etiladi. Ulardan tibbiyot xodimining tavsiyasi bilangina foydalanish va uy sharoitida saqlash mumkin.

Shifokor tavsiya qilgan jarohatga qarshi, isitma tushiruvchi, ogʼriq qoldiruvchi dorilarning retseptsiz beriladigan turlari esa albatta, “xonadon dori qutisi”da boʼlishi maqsadga muvofiq.

Biroq baʼzi ota-onalar farzandlari shamollab qolsa, darhol dorixonaga yugurib, oʼzboshimchalik bilan bolasiga antibiotik yoki boshqa turli preparatlarni beradi. Yoki tibbiyotdan yaxshi xabardor boʼlmagan qoʼshnisini chaqirib, analьgin, dimedrol, novokain qoʼshib mazkur aralashmani isitma tushirishda qoʼllaydi.

Vaholanki, har bir dori vositasidan foydalanish yoʼriqnomasi va qoʼllash mumkin boʼlmagan holatlar bor. Preparatlarni qabul qilish vaqti va dozalarini shifokor belgilib berishi shart.

Аfsuski, bu talablarga toʼliq amal qilinmasligi bemorlarning umumiy holati yanada ogʼirlashishiga olib keladi.

Аyniqsa, parenteral, mushak va vena ichiga yuboriladigan antibaktirial dorilarni hech qachon uy sharoitida qabul qilish mumkin emas! Shuningdek, dorixona mutaxassisi tavsiyasi bilangina xarid qilingan preparatlardan ham shifokor maslahatisiz foydalanmaslik kerak.

Bundan tashqari, har bir dori uning yoʼriqnomasida koʼrsatilgan harorat va muhitda saqlanishi shart. Qolaversa, yaroqlilik muddati oʼtgan dorilarni ichish nojoʼya taʼsirlar va ogʼir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Аgar doridan zaharlanish holati kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki bu holat, buyrak, jigar, oʼpka, yurak faoliyatiga salbiy taʼsir koʼrsatib, hatto oʼlim holatiga olib kelishi mumkin.

Yurtimizda “Dok-1 Maks” va “Аmbronol” dori vositalari oqibatida bolalar oʼlimi yuz berishi bu borada ehtiyotkorlik, shifokor tavsiyasi naqadar muhim ekanligini yana bir bor koʼrsatdi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali takror-takror ogohlantirilishiga qaramay, baʼzi ota-onalar tomonidan uy sharoitida hanuz ushbu preparatlardan foydalanish holatlari uchrayotgani afsuslanarlidir.

Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan uy sharoitida davolanmaslik, "xonadon dori qutisi"dagi preparatlarni saqlash qoidalariga qatʼiy rioya qilish hamda muddati oʼtgan dorilardan foydalanmaslikni soʼraymiz.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech