17:55 (29.02.2024)
1019
AOKAda oʻtkazilgan brifingda "Dori-darmon" AKning boʻlim boshligʻi Sohib Mahmudov oʻtgan yilda aholini ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan dori-vositalari bilan taʼminlash yoʻnalishidagi ishlar tahlili yuzasidan maʼlumot berdi:
Farmatsevtika sogʻliqni saqlash tizimining muhim tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, ushbu sohaning rivojlanish darajasi aholining hayot sifati koʻrsatkichlariga bevosita taʼsir qiladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ham sohani rivojlantirishga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, aholini zarur dori vositalari bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohatlarda faol ishtirok etib kelmoqda
Xususan, aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari bilan taʼminlash kompaniyaning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri sanaladi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega dorilar bu-ijtimoiy ahamiyatga ega va atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradigan kasalliklarning oldini olish hamda davolash uchun talab yuqori boʻlgan va aholi, tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻp foydalaniladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining roʻyxatiga kiritilgan dori vositalari hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yildagi 204-son qaroriga asosan ambulatoriya davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega boʻlgan 14 toifadagi shaxslarga 2023-yil davomida 468 120 ta retsept orqali 25,0 mlrd.soʻmlik dori vositasi va tibbiyot buyumlari bepul berildi.
Yurtimizda aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻlamini kengaytirish, sohaga bosqichma-bosqich tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish, tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi 4890-sonli va 2023-yil 1-maydagi 140-sonli qarorlari asosida bosqichma-bochqich davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy qilinyapti.
Bugungi kunda kompaniyaga qarashli Sirdaryo viloyatidagi 40 ta
va Toshkent shahridagi 10 ta dorixona va dorixona shoxobchalari reimbursatsiya dasturiga ulandi. Shu kunlarda Olmazor va Chilonzor tumanlaridagi kompaniyaga qarashli dorixona va dorixona shoxobchalarini ham reimbursatsiya dasturiga ulash ishlari olib borilmoqda, yaqin kunlarda ishga tushirib, aholiga yanada qulaylik yaratish maqsad qilingan.
Reimbursatsiya tizimi doirasida arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini ambulator sharoitda davolash uchun 11 turdagi dori vositasi kiritilgan.
2023-yil davomida 962,6 mln. soʻmlik dori vositalari elektron retsept orqali bemorlarga bepul berilgan.
Shuningdek, “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi oʻziga yuklatilgan ijtimoiy vazifalar qatorida Davlat buyurtmasini ham muntazam ravishda masʼuliyat bilan bajarib kelayotgan tashkilotlardan biri sanaladi.
Xususan, 2023 yilda 2 154 784 doza grippga qarshi vaksinalar olib kelingan boʻlib, bu vaksinalar Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga va boshqa tibbiyot markazlariga yetkazib berildi.
Kompaniya tomonidan oʻtgan yilda 14,7 mlrd. soʻmlik 682 465 flakon insulin kirim qilindi, shundan 272 825 flakon insulin Sogʻliqni saqlash vazirligiga yetkazib berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-son qaroriga koʻra, 2023-yilda Kompaniya Germaniyaning “Biotest Pharma GmbH” tomonidan ishlab chiqarilgan 3 800 dona “Intratekt”-Odam normal immunoglobulini xaridini amalga oshirdi va shartnoma asosida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Oʻzmedimpeks” davlat muassasasiga yetkazib berildi.
Umuman olganda, 2023-yil davomida qariyd 68,0 mlrd. soʻmlik ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari xarid qilindi.