16:21 (03.05.2024)
763
"Dori-Darmon" aktsiyadorlik kompaniyasining navbatdagi hayʼat yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Yigʼilishda kompaniya va tizimdagi jamiyatlar rahbarlari ishtirok etdi. Unda :
Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan kompaniyaning moliya direktori v.v.b. I.Аbdusalomov 2024 yilning I - choragida erishilgan yutuqlar va yoʼl qoʼyilgan kamchiliklar haqida axborot berdi. Qayd etilganidek, kompaniya va tizimdagi jamiyatlarning umumiy tovar aylanmasi 166,4 mld. soʼmni, shundan ulgurji tovar aylanmasi 110,5 mlrd. soʼmni, chakana tovar aylanmasi 55,9 mlrd soʼmni tashkil etdi.
2024 yilning I choragi davomida Kompaniya tizimida tovar aylanmasining viloyatlar kesimidagi tahlili toʼgʼrisida kompaniyaning tijorat direktori Nurali Husanov axborot berdi. Аytilishicha, "Dori-Darmon" АK tizimi boʼyicha Vengriya, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Hindiston, Litva, Xitoy davlatlarining farmatsevtika kompaniyalaridan dori vositalari import qilingan.
Tizimdagi aktsiyadorlik va masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning faoliyati tanqidiy ruhda tahlil qilinib, ularning muammolari oʼrganildi, ish va savdo sifatini oshirish, yoʼl qoʼyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Kompaniya tizimidagi jamiyatlaria markirovka tizimini joriy etish buyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida kompaniyaning axborot texnalogiyalari boʼlimi boshligʼi Sarvar Xolmuhammedov maʼlumotlar berib oʼtdi. Markirovka tizimining ishlash jarayoni, eʼtibor berish kerak boʼlgan jihatlarga toʼxtalib, savollarga javob berib oʼtdi.
Maʼlumki, huquqiy hujjatlarga koʼra dori vositalari (substantsiyalar bundan mustasno) va tibbiy buyumlarni guruhlarga boʼlinishini nazarga tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimini 2022−2025 yillar davomida bosqichma-bosqich joriy etish koʼzda tutilgan. Dori vositalarini markirovkalash tizimi preparatlarning ishlab chiqaruvchidan to xaridorgacha boʼlgan butun harakati kuzatuvda boʼlishini nazarda tutadi. U muomalada boʼlgan dori vositalarining sifatini samarali nazorat qilish va qalbaki dorilar bilan kurashish uchun ham zarur. Markirovkalash mahsulot qadogʼiga unikal kodni tushirish yordamida amalga oshiriladi.
Kompaniya tizimidagi aktsiyadorlik va masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida GDP va GRR amaliyotlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Ichki farmatsevtika nazorati boʼyicha Rais maslahatchisi Oqil Xodjimetov axborot berdi.
Аvvalroq, “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi va tizimdagi “Fargʻona Dori-Darmon”, "Toshkent viloyat Dori-Darmon" hamda "Samarqand Dori-Darmon" aktsiyadorlik jamiyatlari, "Qoraqalpoq Dari-Darmak", “Oʼzbekiston dori taʼminoti" va "Qashqadaryo Dori-Darmon", “Buxoro Dori-Darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” sertifikatini olganligi haqida maʼlumotlar berib oʼtgan edik.
Yaqin kunlarda “Navoiy Dori-Darmon” АJ hamda “Xorazm Dori-Darmon” va"Sirdaryo Dori-Darmon MChJ ham GDP sertifikatini olishi kutilmoqda. Bu borada sustkashlikka yoʼl qoʼyayotgan "Namangan Dori-Darmon", "Аndijon Dori-Darmon" va "Jizzax Dori-Darmon" jamiyatlari rahbarlariga jarayonni tezlashtirish boʼyicha qatʼiy topshiriqlar berildi.
Qonunchilikka koʼra, 2024 yil 1 iyulga qadar farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shugʼullanuvchi barcha mahalliy korxonalar - Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim.
Shuningdek, yigʼilishda yoqilgʼi-energetika resurslari narxining oshirilishi munosabati bilan xarajatlarni optimallashtirish buyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʼgʼrisidagi axborotlar eshitildi hamda sohaga taalluqli boshka masalalar muhokama qilindi. Zaruriy koʼrsatmalar, topshiriqlar, tavsiyalar berildi