08:50 (07.02.2024)

2942

Yaxshi dorixona amaliyoti - GPP nima?

Dorixonalarni yaxshi dorixona amaliyoti (GPP) standartlariga oʼtkazish zamon bilan hamnafas boʼlmoqchi boʼlgan korxonalar uchun ustuvor vazifa hisoblanadi.

GPP- xalqaro standart boʼlib, unga dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlaridagi dorixonalar amal qiladi. GPP qoidalari dorixonalar ishi uchun asosiy talablarni tartibga soladi. Ular Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan birgalikda aholi salomatligini mustahkamlashga, minimal nojoʼya taʼsirlar bilan maksimal terapevtik samaraga erishish uchun yuqori sifatli va xavfsiz dori vositalarini oqilona isteʼmol qilishga qaratilgan.

1991 yilda farmatsevtika bozorining chakana savdo tarmoqlari rivojlangan 10 ta davlatning yetakchi ekspertlari yigʼilishida birinchi marta “yaxshi dorixona amaliyoti” GPP atamasi kiritildi. 1993 yilda Xalqaro farmatsevtika federatsiyasi (FIPP) tomonidan GPP yoʼriqnomasi qabul qilinib, JSST tomonidan har bir mamlakatning xususiyatlarini hisobga olgan holda milliy standartlarini yaratish uchun asos sifatida tasdiqlandi.

2016 yildan boshlab mamlakatimizda GxP standartlarini faol ishlab chiqish boshlandi va oʼsha yili birinchi standart tasdiqlandi: O`z DSt 3127:2016.

2019 yildan boshlab mamlakatimiz farmatsevtika tarmogʼida ushbu standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish boʼyicha amaliy ishlar boshlanib, bu borada qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Yaxshi dorixona amaliyoti standarti farmatsevtika xodimlari tomonidan Respublika aholisiga koʼrsatiladigan farmatsevtika xizmatlarining tegishli sifatini taʼminlash uchun ishlab chiqilgan.

Mazkur standartning asosiy yoʼnalishlari quyidagilar hisoblanadi:
- yaxshi sifatli dori vositalarini va tibbiy buyumlarni berish;
- dori vositalarining tarkibi va yaxshi qoʼllanilishiga tegishli ishonchli va xolis maʼlumotlarni taqdim etish;
- dori vositalarini ratsional qoʼllanilishi va toʼgʼri ishlatilishi boʼyicha targʼibot qilish;

Yaxshi dorixona amaliyotining asosiy talablari quyidagilar hisoblanadi:
- inson sogʼligʼini saqlash maqsadida bemorga eʼtiborni qaratish;
- dori vositalari ratsional qoʼllanilishi va yaxshi ishlatilishi boʼyicha koʼmaklashish;
- kasbiy etikaga va mahfiylikka rioya qilish;
- sifatli farmatsevtik xizmatlarni koʼrsatish;
- deontologiya, farmakoterapiya va farmakologiya asoslarini egallagan malakali farmatsevt kadrlarning mavjudligi.

Dorixona tomonidan GPP qoidalarining joriy etilganligi Zarur amaliyotlar markazi tomonidan "Yaxshi dorixona amaliyoti" (GPP) O‘z DSt 3127:2016 Davlat standarti talablariga muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlanadi.

Eslatib oʼtamiz: Prezident Farmoniga muvofiq, 2025 yil 1 yanvarga qadar farmatsevtika mahsulotlarini_ chakana sotish bilan shugʼullanuvchi tarmoqli dorixonalar, 2026 yil 1 yanvarga qadar boshqa dorixonalar Zarur dorixona amaliyoti (GPP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech