12:00 (09.01.2026)
118
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2025-yil uchun hisobotni eʼlon qildi: ayrim mamlakatlar oʻn yillar davomida davolab boʻlmaydi, deb hisoblangan kasalliklardan toʻliq xalos boʻldi, shuningdek, sayyorada sil va bezgakdan oʻlim holatlari kamaydi.
Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) 2025-yilgi hisobotida maʼlum qildi. Jamoat salomatligi sohasidagi 5 ta asosiy yutuq.
Soʻnggi oʻn yil ichida sil kasalligidan vafot etganlar soni sezilarli darajada kamaydi. Ayniqsa, bu borada Afrika va Yevropa mintaqalarida ijobiy tendensiyalar qayd etilib, oʻlim koʻrsatkichlari mos ravishda 46 va 49 foizga pasaydi.
JSST bunday yutuqlar badavom boʻlishi uchun OITS, qandli diabet, chekish va toʻyib ovqatlanmaslik kabi xavf omillariga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur, degan xulosada.
Ommaviy emlash tadbirlari natijasida 2000-yillar boshiga nisbatan qizamiqdan oʻlim holatlari qariyb 90% ga kamaydi. Biroq tashkilot ayrim mamlakatlarda emlash qamrovi yetarli emasligi sabab kasallik holatlari ortib borayotganidan ogohlantirdi.
Oʻlim holatlari kamayganiga qaramay, dunyo boʻylab qizamiq bilan kasallanish soni oʻsmoqda: 2024-yilda taxminan 11 million nafar kasallanish holati qayd etildi, bu esa 2019-yilga nisbatan qariyb 800 mingtaga koʻp.
Maldiv orollari dunyoda ilk bor OITS, sifilis va gepatit V ning onadan bolaga yuqishini toʻliq toʻxtatgan davlat sifatida eʼtirof etildi.
Burundi, Misr va Fiji traxoma xastaligiga, Gvineya hamda Keniya uyqu kasalligiga (afrika tripanosomozi), Nigeriya esa onxotserkozga butunlay barham berishga erishdi.
2025-yilda Gruziya, Surinam va Timor-Leshti “bezgakdan xoli davlatlar” sifatida tan olindi. Afrikaning yana 7 ta mamlakatida bu kasallikka qarshi emlash joriy etildi.
Hozir bezgakka qarshi vaksinalar dunyoning 24 davlatida qoʻllanilmoqda. Bunday chora-tadbirlar tufayli sayyoramiz boʻyicha taxminan 170 millionta kasallanish va 1 millionga yaqin oʻlim holatlarining oldi olindi.
Dunyo boʻylab meningit, poliomiyelit, pnevmokokk va rotavirus infeksiyalari, shuningdek, bachadon boʻyni saratonining asosiy sababi boʻlgan inson papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlash qamrovi kengaymoqda.
2025-yil noyabr holatiga koʻra, 86 million nafar qiz OPV ga qarshi vaksina olgan.
2025-yilda Braziliya, Xitoy, Indoneziya, Nigeriya, Pokiston va Ruanda emlash va skrining dasturlarini kengaytirdi, bu esa bachadon boʻyni saratonini toʻliq toʻliq bartaraf etish arafasida turibdi.
Shuningdek, dunyodagi chaqaloqlarning kamida 89% difteriya, qoqshol va poliomiyelitga qarshi kamida bitta dozada vaksina olgan.
Biroq JSST ning qoʻshimcha qilishicha, 2024-yilda urushlar, vaksina yetkazib berishdagi uzilishlar va emlashga oid yolgʻon axborotlarning koʻpayishi sababli 20 million bola zarur emlashlarni ololmagan.