08:55 (21.06.2024)
938
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti dunyo boʻylab klinik va klinikadan avvalgi sinovlardan oʻtayotgan antibakterial dorilar, jumladan, antibiotiklar boʻyicha yangi hisobotni taqdim etdi.
Unda aytilishicha, klinik tadqiqotlardagi antibakterial dorilar soni 2021-yilda 80 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2023-yilda 97 taga yetgan. Shunga qaramay, xavfli yuqumli kasalliklarni davolash uchun keng qoʻllanilishi natijasida samaradorligini yoʻqotayotgan mavjud antibiotiklar oʻrnini bosadigan yangi, innovatsion dori vositalarini yaratish dolzarb boʻlib turibdi.
Muammo nafaqat ishlab chiqarilayotgan antibakterial dorilarning juda kamligida, balki haqiqatan ham innovatsion ishlanmalarning yetarli emasligidadir. Ustuvor roʻyxatdagi patogenlar keltirib chiqaradigan infeksiyalarni davolash uchun ishlab chiqilayotgan 32 ta antibiotikdan faqat 12 tasini innovatsion deb hisoblash mumkin.
Ishlab chiqarilayotgan preparatlarda koʻplab boʻshliqlar mavjud: masalan, bolalar uchun dorilar, ularning ambulator sharoitda qabul qilish uchun qulayroq boʻlgan peroral shakllari yoki oʻsib borayotgan doriga chidamlilikka qarshi kurashadigan turlari mavjud emas.
Shunga qaramay, bakteriofaglar, antitanalar, antivirulent va immunomodulyator dorilar kabi noanʼanaviy biologik vositalarga, shuningdek, antibiotiklarni toʻldiruvchi yoki muqobil sifatida mikrobiomni modulyatsiya qiluvchi preparatlarga eʼtiborning kuchayishi biroz umid bagʻishlaydi. Shu bilan birga, ushbu dorilarni klinik amaliyotda qachon va qanday qoʻllash mumkinligini aniqlash uchun klinik tadqiqotlar oʻtkazish talab etiladi.
Hisobotda taʼkidlanganidek, ishlab chiqilayotgan yangi antibakterial preparatlar haqidagi maʼlumotlarning shaffofligini oshirish potensial innovatsion boʻlgan, ammo qiyin loyihalar boʻyicha hamkorlikning rivojlanishiga olib kelishi, olimlar va ishlab chiquvchilarga yordam berishi hamda yangi antibakterial vositalarni yaratishga katta qiziqish uygʻotishi mumkin.