15:06 (06.06.2024)
1184
Prezident «Manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida»gi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda Аdliya vazirligi. Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʼtgach kuchga kiradi.
Qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamgʼarmalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʼlgan aktsiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonunda davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar toʼqnashuvi, manfaatlar toʼqnashuvini tartibga solish boʼyicha maxsus boʼlinma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritildi.
Quyidagi shaxslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb eʼtirof etiladi:
- davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari;
- davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) aktsiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, oʼsha yuridik shaxs;
- davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki aʼzosi boʼlsa, oʼsha yuridik shaxs.
Qonunga koʼra, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar toʼqnashuvi bilan bogʼliq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunga koʼra, davlat organining yoki boshqa tashkilotning rahbar xodimi hamda maxsus boʼlinmaning rahbari manfaatlar toʼqnashuvini tartibga solish uchun masʼul hisoblanadi.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tarkibiy boʼlinmasining rahbari mavjud manfaatlar toʼqnashuvini tartibga solish boʼyicha oʼz vakolatlari doirasida koʼrilgan choralar toʼgʼrisida maxsus boʼlinmaga 1 ish kuni ichida axborot taqdim etishi shart.
Maxsus boʼlinma koʼrilgan choralarning yetarliligi (toʼgʼriligi) toʼgʼrisidagi masalani koʼrib chiqish uchun axborotni 3 ish kuni ichida odob-axloq komissiyasiga taqdim etadi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʼtgach kuchga kiradi.