14:50 (30.10.2024)

351

Shakar o‘rnini bosuvchi sun’iy mahsulotlar ozishga yordam bermaydi (mi?)

Odatda ortiqcha vazn va semizlikdan, qolaversa, shu bilan bog‘liq qator kasalliklardan aziyat chekuvchilarga shakar hamda shirinliklardan tiyilish tavsiya etiladi.

Ammo so‘nggi paytlarda odamlar orasida shakar o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ozishga yordam beradi, sog‘lik uchun ham xavfsiz, degan qarash paydo bo‘ldi. Xo‘sh, bu qanchalik haqiqatga mos?

— Bilamizki, kunlik shakar iste’moli me’yori 25-30 grammga teng, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Nozimaxon Nazarova. — Bundan ortig‘i semirish va xavfli kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Shu sababli ba’zilar shakar o‘rnini bosuvchi sun’iy qo‘shimchalardan foydalanish xavfsiz, deb o‘ylaydi.

Aslida, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarga shirin ta’m bag‘ishlashda qo‘llaniladigan saxarin, aspartam, kaliy atsesulfam, sukraloza, neotam, advantam, steviya va uning hosilalari dastlab tana vaznini kamaytirsa-da, ammo ushbu jarayon uzoq davom etmaydi. Aksincha, bunday mahsulotlarning odatiy iste’moli bora-bora semirishga olib keladi. Oqibatda insonlarda 2-toifa qandli diabet rivojlanish xavfi oshadi.

Chunki shakar o‘rnini bosuvchi moddalar shunchaki tanani “aldash”ga xizmat qiladi. Bu jarayonda og‘iz bo‘shlig‘i va ichakdagi retseptorlar shirin ta’mni sezadi hamda oshqozon osti bezi refleksli ravishda avval odatlangan hajmda insulin ishlab chiqaradi.

Hosil bo‘lgan insulin hatto oz miqdorda bo‘lsa ham, qondagi glyukoza darajasini pasaytiradi va shu bilan ochlik hissi bosiladi. Ammo buni miya to‘liq his etmagani bois ishtaha oshadi. Oqibatda vazn ortishi jarayoni yuz beradi.

JSST tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, bunday moddalardan tez-tez foydalanuvchilarda yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli 32 foiz (jumladan, insult — 19 foiz, gipertoniya —13 foiz) yuqori. O‘z navbatida, mazkur omil o‘lim xavfi 10 foiz ortishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, shakar o‘rnini bosuvchi sun’iy moddalar ichak mikroflorasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, disbakteriozni keltirib chiqaradi. Oqsillar, vitaminlar va mikroelementlarning organizmga so‘rilishiga to‘siq bo‘ladi hamda immunitetni susaytiradi. Ba’zan bosh og‘rig‘i, allergik reaksiyalarni ham yuzaga keltirishi mumkin.

Shu bois organizmning shakarga bo‘lgan ehtiyojini meva-sabzavotlar va boshqa tabiiy mahsulotlar iste’moli orqali ta’minlashni tavsiya qilamiz.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech