14:46 (21.02.2024)
1586
Dunyoda infektsiyalarning antibiotiklarga chidamli turlari yiliga 5 million kishining hayotiga zomin boʼlmoqda. Olimlar xulosasiga koʼra, dori vositalaridan oʼzboshimchalik bilan foydalanish superbakteriyalarning jadal koʼpayishi va keng tarqalishiga imkon beryapti.
Xavotirli jihati, agar tezkor choralar koʼrilmasa, 2050 yilga borib, mavjud preparatlarga chidamli bakteriyalardan yillik oʼlim koʼrsatkichi 10 millionga yetishi mumkin.
Bu global muammoga yechim izlagan Garvard universiteti (АQSh) olimlarining izlanishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Ular inson salomatligi uchun jiddiy xavfga aylangan superbakteriyalarga qarshi antibiotik yaratdi.
Kimyo professori Endryu Mayers boshchiligidagi mutaxassislar tadqiqot davomida krezomitsin deb nomlangan sintetik moddani hosil qilishga muvaffaq boʼldi.
Bu preparat tillarang stafilokokklar, ichak tayoqchalari (E-coli), oʼpka va qon infektsiyalarini keltirib chiqaruvchi hayot uchun xavfli qator mikrobalarni oʼldirish xususiyatiga ega.
Tadqiqotchilar fikricha, hozircha krezomitsinning taʼsir mexanizmlari laborator sharoitda va jonivorlarda oʼrganildi hamda tajribalar samarali yakunlandi. Endi u insonlarda klinik sinovdan oʼtkazilgach, tibbiy amaliyotda ommaviy qoʼllanilishi mumkin.