12:50 (08.07.2024)
892
Issiq havo atrof-muhit va sanoat muhitida muhim xavfli omillardan biridir. Issiq havo yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, ruhiy kasalliklar va astmani murakkablashtirishi, shuningdek, baxtsiz hodisalar va ayrim yuqumli kasalliklarning yuqishi xavfini oshirishi mumkin. Issiq urishi - oʼlim darajasi yuqori boʼlgan tibbiy favqulodda holat sanaladi.
JSST maʼlumotlariga koʼra, iqlim oʼzgarishi natijasida dunyoning barcha mintaqalarida haddan tashqari issiq havo taʼsiriga uchragan odamlar soni keskin oshib bormoqda. 2000–2004-yildan 2017–2021-yilgacha boʼlgan davr mobaynida 65 va undan katta yoshdagi odamlar orasida issiq havob sabab oʼlim darajasi taxminan 85% ga oshgan.
Tadqiqotlarga koʼra, 2000 yildan 2019 yilgacha dunyo boʼylab har yili taxminan 489 000 ta holatda issiqlikdan oʼlim qayd etilgan, shundan 45% holatlar Osiyo mamlakatlarida va 35% Yevropa mamlakatlarida sodir boʼlgan. Birgina 2022 yilning yozida Yevropada kunlarning keskin isishi bilan bogʼliq sabablarga koʼra 61 672 ortiqcha oʼlim qayd etilgan. Kuchli issiqlik toʼlqinlari oʼlimga sabab boʼlishi mumkin; 2003 yil iyun-avgust oylaridagi jazirama toʼlqin Yevropada 70 000 kishining hayotiga zomin boʼldi. 2010 yilda Rossiya Federatsiyasida 44 kunlik issiqlik toʼlqini 56 000 nafar insonning vafotiga olib kelgan.
Issiq ob-havoga sezgirlik fiziologik omillar, xususan, yosh va salomatlik holati, shuningdek, atrof-muhit omillari, xususan, kasbiy faoliyat xususiyatlari va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar sabab boʼladi.
Issiq havo sogʼliqqa qanday taʼsir qiladi?
Inson tanasida issiqlik toʼplanishi bir necha omillar taʼsiri ostida sodir boʼladi:
- tananing tashqi issiqlik yuki (masalan, yuqori harorat, yuqori namlik, past shamol, termal nurlanish manbalarining mavjudligi) natijasida metabolik jarayonlarda hosil boʼlgan issiqlik energiyasini olib tashlashga qodir emasligi;
- issiqlikni oʼziga tortadigan va issiqlikni yoʼqotilishiga yoʼl qoʼymaydigan kiyim kiyish;
- atrof-muhitdan tashqi issiqlikni olish.
Bunday sharoitda tananing ichki haroratini tartibga solish va issiqlikni chiqarishga qodir emasligi charchash va issiq urishi xavfini oshiradi. Tananing oʼzini sovutish uchun sarflagan qoʼshimcha harakatlari yurak va buyraklarga ham ogʼirlik tushadi. Natijada, haddan tashqari issiq havo surunkali kasalliklar (yurak-qon tomir, nafas olish tizimi kasalliklari, ruhiy kasalliklar va diabet) asoratlari xavfini oshiradi va buyraklarning oʼtkir shikastlanishiga olib keladi.
Аvvalroq yozning jaziramasida salomatlik uchun nimalarni yodda tutish kerakligi haqida maʼlumotlar bergan edik.