10:01 (01.05.2023)
3067
Har yili Oʼzbekistonimizda 1 may “Favvoralar kuni” sifatida nishonlanadi. Bu anʼana Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 23 apreldagi "Toshkent shahrida "Favvoralar sayli" yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi qaroriga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda.
Maʼlumotlarga koʼra, Ispaniya elchisi Klavixo 1404 yilning sentyabrь-noyabrь oylarida Аmir Temurning Dilkusho bogʼida boʼlganida behad hayratga tushgan. Chunki bu yerda ustalik bilan qurilgan favvoralarni u dunyoning hech qaerida uchratmagan edi. Keyinchalik u oʼz taassurotlarini quyidagicha bayon etgan: "Podshoh maxsus qurilgan baland oʼrindiqda oʼltirar va uning oldida suvi tepaga otilib turgan favvora boʼlib, unda qizil olmalar qalqib turardi…”
Darhaqiqat, XIV-XV asrlarda yurtimizda urf boʼlgan favvoralar hali Yevropa xalqlari uchun notanish boʼlgan. Qadimiy favvoralarni Аlisher Navoiy asarlari va "Boburnoma"ga ishlangan miniatyuralarda ham koʼrish mumkin. Oʼz davrida favvoralar yoysimon, toʼrtburchak shakllarda boʼlib, anvoyi gullar ularga yanada koʼrkamlik baxsh etgan. Maxsus tayyorlangan sopol quvurlar orqali kelib, otilib chiqqan suv hovuzchalarga tushib, yana yopiq ariqlar orqali chiqib ketgan. Murakkab muhandislik-qurilish yechimi asosida barpo etiladigan favvoralar ajdodlarimizning zehni, bunyodkorlik salohiyati, meʼmorchilik sanʼati naqadar yuksak boʼlganligidan dalolatdir.
Tarixiy maʼlumotlarga koʼra, Toshkentdagi dastlabki favvora 1890 yilda qurilgan boʼlib, Аlisher Navoiy nomidagi Oʼzbekiston davlat akademik katta teatri bilan birga bunyod etilgan ekan. Bugungi kunga kelib ularning soni ortib, maydoni, koʼrinishi, rang-barangligi ham tubdan takomillashgan.
Darhaqiqat, favvoralar kattayu kichik hammaga birdek zavqu shavq ulashadi, quvonch va koʼtarinkilik baxsh etadi, qalblarimizga orom, ruhiyatimizga tetiklik hadya qiladi.