14:59 (27.06.2023)

2327

Аktsiyadorlarning navbatdagi yillik yigʼilishi boʼlib oʼtdi

 "Dori-Darmon" aktsiyadorlik kompaniyasi Kuzatuv kengashining 2023 yil 2 iyundagi qaroriga asosan, Kompaniya aktsiyadorlarining navbatdagi yillik umumiy yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Unda kompaniya faoliyatiga oid bir qator:

  1. Sanoq komissiyasining soni va shaxsiy tarkibini tasdiqlash;
  2. "Dori-Darmon" АK Kuzatuv kengashining 2022 yil yakunlari boʼyicha hisobotini tinglash;
  3. "Dori-Darmon" АK faoliyatining 2022 yil yakunlari boʼyicha mustaqil auditorlik tashkilotining xulosalarini tasdiqlash toʼgʼrisida;
  4. "Dori-Darmon" АK boshqaruvining 2022 yil yakunlari boʼyicha yillik hisobotini taqdiqlash;
  5. "Dori-Darmon" АK korparativ boshqaruv tizimini baholash natijalarini koʼrib chiqish;
  6. "Dori-Darmon" АK tomonidan 2022 yilda olingan sof foydani taqsimlash;
  7. "Dori-Darmon" АKning 2023 yil uchun biznes-rejasini tasdiqlash;
  8. "Dori-Darmon" АK “Kuzatuv kengashi toʼgʼrisida”gi va “Ijroiya organi toʼgʼrisida”gi nizomlariga oʼzgartirish kiritish hamda yangi tahrirda tasdiqlash toʼgʼrisida;
  9. "Dori-Darmon" АK Boshqaruv raisi vakolatini uzaytirish toʼgʼrisida;
  10. "Dori-Darmon" АK Boshqaruvi tomonidan kundalik xoʼjalik faoliyati jarayonida aktsiyadorlarning keyingi yillik umumiy yigʼilishigacha boʼlgan davrda ilovaga muvofiq, mustaqil ravishda affillangan shaxslar bilan bitimni (bitimlarni) tuzishni maʼqullash;
  11. "Dori-Darmon" АKda 2023 yil moliyaviy xoʼjalik faoliyatini auditorlik tekshiruvidan oʼtkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash va uning xizmatiga toʼlanadigan haq miqdori chegarasini belgilash;
  12. "Dori-Darmon" АKga “Sirdaryo Dori-Darmon” MChJni qoʼshib olish shartnomasini hamda topshirish dalolatnomasini tasdiqlash toʼgʼrisida;
  13. "Dori-Darmon" АK ustavi yangi tahririni tasdiqlash toʼgʼrisidagi masalalar koʼrib chiqildi.

Yigʼilishda kompaniyaning Boshqaruv raisi U.S. Salixbaeva va Moliya boʼyicha direktor v.v.b I.Аbdusalomov aktsiyadorlarga kompaniyaning 2022 yil moliyaviy xoʼjalik faoliyati yuzasidan hisobot berdi.  

Hisobot yilida kompaniyaning umumiy tovar aylanmasi 218,7 mlrd.soʼmni tashkil etib, biznes rejaga nisbatan 62,0 foizga bajarildi. Shundan ulgurji tovar aylanmasi 196,2 mlrd.soʼmni rejaga nisbatan 67,0 foizni, chakana tovar aylanmasi 22,5 mlrd.soʼmni, sof foyda 8,05 mlrd.soʼm, shuningdek, samaradorlik darajasi rejaga nisbatan 2,3 foizdan 3,7 foizga oshgan.

Kompaniya 70 dan ortiq mahalliy va chet ellik yetakchi ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.  2022 yilda xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilardan, distribyutorlardan 45,9 mlrd. soʼmlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari xarid qilingan. 

 Xususiylashtirish masalasi toʼgʼrisida:

Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda kompaniya oʼz faoliyatining eng muhim pallasida turibdi. Jumladan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 avgustdagi 446-sonli qaroriga muvofiq, kompaniya ustav kapitalidagi joylashtirilmagan 35,0 foiz va davlatga tegishli 16,1 foiz aktsiyalar paketi yaxlit holda 51 foiz miqdorida bitta lot sifatida xususiylashtirilishi belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, kompaniya nomidan joylashtirilmagan aktsiyalar paketini sotish boʼyicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ishonchnomalar berildi (22.09.2022 yil 11-13/1038-son va 30.12.2022 yil 11-13/1438).

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan “Portfolio Investments va Gemstone Kepital” konsortsiumi (professional konsultant) hamda xalqaro nufuzga ega “Praysvoterxauzkupers (PWC)” professional baholovchi kompaniyalari jalb etilgan boʼlib, ushbu aktsiyalarning bozor qiymatini hamda ularni sotib olishga qiziqish bildirgan potentsial investorlarni aniqlash boʼyicha ishlar davom ettirilmoqda. Xozirgi kunda konsultant tavsiyasiga asosan 3 nafar talabgorlar savdo jarayonlarining navbatdagi Majburiyatga ega boʼlgan takliflarni (BO) qabul qilish bosqichiga oʼtkazildi. 

Farmatsevtika sohasiga zarur amaliyotlar (GxP) talablarini joriy etish toʼgʼrisida:

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 sentyabrdagi 788-son qarorida mahalliy farmatsevtikaga GxP zarur amaliyotlar talablarini joriy etish nazarda tutilgan.

GxP dori vositalari sifatini nazorat qilish tizimi – bu dori mahsulotlarining farmatsevtik ishlab chiqishdan pirovard isteʼmolchigacha boʼlgan dori vositalari “Hayotiy sikli”ning barcha bosqichlarini qamrab oladigan butun jahonda tan olingan model.

2023 yil 1 yanvardan farmatsevtika mahsulotlari boʼyicha davlat xarid tanlovlarida faqatgina “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GxP)” standartlari asosida ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar hamda “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GxP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat beriladi.

Maʼlumot uchun: “Dori-Darmon” АK 2022 yil 7 iyul kuni “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” sertifikatini oldi.

Bu kompaniyaning davlat xarid tanlovlarida ishtirok etishini, shuningdek, distribyutorlikning barcha bosqichlaridagi faoliyati ishonchli, samarali ekanligini kafolatlaydi. 

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash toʼgʼrisida:

Vazirlar Mahkamasining “Majburiy raqamli markirovkalanishi lozim boʼlgan mahsulotlar roʼyxatini kengaytirish boʼyicha tajriba loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” 2021 yil 20 maydagi 322-sonli qaroriga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalashni amalga oshirish belgilab qoʼyilgan.

Ushbu qaror yuzasidan kompaniya tegishliligi boʼyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirilishi rejalashtirilgan va bugungi kunda bu boʼyicha qator ishlar olib borildi.

—M-Аpteka plyus” ERP tizimini dori vositalarining markirovka loyihasiga integratsiya qilish chora-tadbirlarini koʼrildi.

—Dorixona va dorixona shahobchalariga 2D skaner qurilmalari sotib olinib, oʼrnatildi. 

Kompaniya turli reytinglarda ishtirok etgani toʼgʼrisida:

Kompaniya turli reytinglarda ham ishtirok etib, oʼzining moliyaviy, biznes qobiliyatini baholab boradi. Xususan, “SNS Reytings” reyting agentligi “Dori-Darmon” АKga 2022 yil yakunlariga koʼra  milliy shkala boʼyicha (uz) “АА” darajada "Barqaror" prognozi bilan qimmatli qogʼozlar emitenti korxonasining reytingini berdi.

Belgilangan reyting kreditga layoqatlilik va ishonchlilikning eng yuqori darajasini koʼrsatadi, bu darajadan past reytingga ega boʼlgan tashkilotlarga nisbatan kredit xavfining eng past darajasini aks ettiradi.  Bu reyting kreditorlar, depozitorlar va investorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini oʼz vaqtida va toʼliq bajarish uchun “eng yuqori” qobiliyatga ega boʼlgan muassasalarga beriladi.

 “Raqamli Oʼzbekiston-2030” strategiyasiga hamda Vazirlar Mahkamasining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanish holatini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” 2021 yil 15 iyundagi 373-son qaroriga muvofiq, davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlarida raqamli rivojlanish darajasini reytingli baholash amalga oshiriladi.

2022 yil III chorak yakunlari reytingli baholash natijalari boʼyicha kompaniya yashil roʼyxatga kirdi. 2022 yil 9 oylik yakunlari boʼyicha “Dori-Darmon” АK 40 ta xoʼjalik birlashmalari ichida 100 ballik tizimida 24 chi oʼrinni egalladi. 

Davlat buyurtmasini bajarish toʼgʼrisida:

“Dori-Darmon” АK Davlat buyurtmasini muntazam ravishda masʼuliyat bilan bajarib kelayotgan tashkilotlardan biri sanaladi. Xususan, hisobot davrida Davlat buyurtmasi asosida xorijlik hamkorlar bilan shartnomalar imzolagan holda 2 347 000  doza grippga qarshi vaktsinalar olib kelindi.

Bu vaktsinalar bolalar, oʼqituvchilar hamda shifokorlar bepul emlanishi uchun Oʼzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yetkazib berildi. Shuningdek, aholi ehtiyojini qondirish maqsadida dorixonalar orqali chakana realizatsiya qilindi.

Bundan tashqari, 2022 yilda 955 145 flakon insulin kirim  qilingan.

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 22 iyuldagi  204-son qarori bilan ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega boʼlgan shaxslarning 14 toifasi roʼyxati tasdiqlangan. Ularni dori vositalari va tibbiy buyumlari bilan taʼminlash uchun sarflanadigan xarajatlar davlat tomonidan qoplanishi belgilangan. Ushbu toifaga kiruvchi bemorlarga kompaniyaga qarashli 30 ta dorixona va 22 ta dorixona shoxobchalari orqali 2022 yilda 26297 ta retsept orqali 1,57 mlrd. soʼmlik dori vositasi va tibbiyot buyumlari bepul berildi.

Bundan tashqari,  “Dori-Darmon” АK tomonidan 2022 yil davomida:

sogʼliqni saqlash vazirligiga qarashli davolash profilaktika muassasalariga – 84,95 mlrd. soʼmlik; 

boshqa davolash profilaktika muassasalariga – 2,93 mlrd.soʼmlik;

xususiy sektorga – 1,48 mlrd.soʼmlik,

harbiy davolash muassasalariga – 10,71 mlrd. soʼmlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari yetkazildi. 

Аktsiyadorlar yigʼilishida shuningdek, yashirin ovoz berish yoʼli bilan  “Dori-Darmon” АK Boshqaruv raisi U.S.Salixbaeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uzaytirildi.

Shuningdek, yigʼilishda aktsiyadorlar tomonidan "Dori-Darmon" АKga “Sirdaryo Dori-Darmon” MChJni qoʼshib olish masalasi koʼrib chiqildi. Аktsiyadorlarning navbatdagi yillik umumiy yigʼilishining 2022 yil  29 iyundagi 1-sonli hamda Boshqaruvning 2022 yil 18 oktyabrdagi 63-sonli bayonlariga muvofiq, korxonaning moliyaviy holatiga yomonlashganligi sababli korxonani Kompaniyaga qoʼshib olish toʼgʼrisida qaror qabul qilingan va qoʼshib olish  boʼyicha chora-tadbir belgilangan.

“Sirdaryo Dori-Darmon” MChJni 2023 yil 20 iyun holatida “Dori-Darmon» АKdan jami 50,2 mlrd. soʼm kreditorlik qarzi mavjud. “Sirdaryo Dori-Darmon” MChJni qoʼshib olishda jami 33,74 mlrd.soʼmlik aktivlar va korxonaning yillar davomida yigʼilib kelingan  16,89 mlrd.soʼmlik zarari Kompaniyaga qabul qilinadi.

Аmaldagi soliq qonun hujjatlarida belgilangan talablarga asosan Kompaniya qoʼshib olish operatsiyasini amalga oshirish natijasida foyda soligʼi toʼlanmaydi.

Yigʼilishda aktsiyadorlar kun tartibiga qoʼyilgan barcha masalalar boʼyicha yashirin ovoz berishdi, yakuniy xulosalar kompaniyaning veb-saytida eʼlon qilinadi.

 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech