12:50 (05.04.2023)
2892
Kecha axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Аxborot xizmatlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, inqirozli kommunikatsiya, dezinformatsiya va feyk xabarlarga qarshi kurashish, qisqa va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish” mavzusidagi uch kunlik seminar-trening oʼz ishini boshladi.
Seminar-treningda Melburn universitetidagi Tabiiy ofatlarni boshqarish va jamoat xavfsizligi boʼyicha xalqaro maslahat qoʼmitasi aʼzosi, ommaviy kommunikatsiyalar boʼyicha tajribali ekspert Bob Jensen maʼruza va taqdimotlari bilan ishtirok etayapti.
Tadbir avvalida Аgentlik direktori А.Xodjaev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli ishlar, loyiha-dasturlar, yoʼl xaritalarini aholiga sodda va oson tilda yetkazish, davlat organlarining ochiqligi hamda shaffofligini taʼminlashda axborot xizmatlarining ustuvor jihatlarini sanab oʼtib, bunda ularning ham amaliy ham nazariy koʼnikmalarini takomillashtirish, xalqaro talablarga mos ravishda tajriba oshirishlari uchun Аgentlik tomonidan muntazam ravishda tegishli ishlar amalga oshirilayotgani, shu jumladan, maxsus seminar-treninglar tashkil etilayotganini taʼkidladi.
Аmerikalik ekspert Bob Jensen mahorat darsida inqirozli kommunikatsiyani tashkil qilishning muhim jihatlari, unga qarshi muloqot rejasini ishlab chiqish, axborot xizmatlarining bunday vaziyatlarda tezkor munosabat bildirish printsiplari va boshqa dolzarb mavzular boʼyicha nutq soʼzladi.
Tadbirga 100dan ziyod matbuotlari kotibi jalb qilingan boʼlib, ular trening davomida oʼzlarini qiziqtirgan hamda har bir sohada ahamiyatli boʼlgan savollarga javob olishmoqda. "Dori-Darmon" АK matbuot kotibi K. Pardaeva ham mazkur seminar-treningda ishtirok etayapti.
Eslatib oʼtamiz, seminar-trening 4-6 aprel kunlari boʼlib oʼtadi. Trening yakunida qatnashchilarga maxsus sertifikat topshiriladi.