13:00 (22.05.2023)
2091
АQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining (CDC) xabar berishicha, zaharlangan koʼz tomchilari sabab boʼlgan bakterial infektsiyalar bilan kasallanganlar soni 81 taga yetgan. Mart oyida kasallanganlar soni 68 ta edi. CDC maʼlumotlariga koʼra, toʼrt kishi asoratlardan vafot etdi.
Ularning 14 nafari koʼr boʼlib qoldi, yana 4 nafar bemorning koʼz olmalarini jarrohlik yoʼli bilan olib tashlashga toʼgʼri keldi. Koʼpgina infektsiyalar koʼzlar bilan cheklangan boʼlsada, bakteriyalar qon oqimiga kirganda oʼlimga olib kelishi mumkin. "Bular halokatli va hayotni oʼzgartiruvchi infektsiyalar", dedi CDC ning mikroblarga qarshi preparatlarning barqarorligi boʼyicha guruh boshligʼi Maroyya Spolding Uolters.
Koʼpgina bemorlar turli markadagi koʼz tomchilaridan foydalanganliklarini aytishgan boʼlsada, infektsiyalanganlar orasida keng tarqalgan brend EzriCare Artificial Tears ekanligi aniqlandi. EzriCare koʼz tomchilarining ochiq flakonlarida ham bemorlardan olingan namunalar bilan bir xil bakteriyalar borligi aniqlangan. EzriCare mahsulotlari Hindistonda Global Pharma Healthcare tomonidan ishlab chiqarilgan va asosan onlayn sotilgan. Tibbiyot regulyatorlari odamlar bu mahsulotni, shuningdek, xuddi shu ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan koʼz tomchilari va malham shaklidagi Delsam Pharma mahsulotlarini ishlatishni toʼxtatishlari kerakligini aytdi.
Fevral oyida Global Pharma ushbu uchta mahsulotni qaytarib olganidan bu koʼrsatkich pasayganligiga qaramay, CDC kasallanganlar soni yanada ortib borishi mumkinligini aytib oʼtdi. Infektsiyalar Pseudomonas aeruginosa bakteriyasining oʼziga xos shtammidan kelib chiqadi. U bilan koʼp hollarda standart antibiotiklar bilan kurashish qiyin va baʼzida umuman samarasiz.
Oʼtgan yilgacha bakteriyalarning bu oʼziga xos shakli Qoʼshma Shtatlarda hech qachon qayd etilmagan. Hozirda Аmerikaning 18 ta mintaqasida holatlar aniqlangan. АQShdan tashqarida ana shu bakteriyalar bilan kasallanish holatlar hali aniqlanmadi.