10:15 (08.05.2023)
2383
Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot institutida dars jarayonlari bevosita amaliy mashgʼuotlar bilan olib boriladi. Misol uchun sanoat farmatsiyasi yoʼnalishida taʼlim olayotgan talabalar uchun xorijdan keltirilayotgan preparatlarni yetkazish, saqlash, aholi xarid qilguncha boʼlgan jarayonlarni oʼz ichiga olgan korxonalar faoliyati bilan tanishuv amaliyoti yoʼlga qoʼyilgan.
Kuni kecha institutning bir guruh talabalari “Oʼzbekiston Dori taʼminoti” maʼsuliyati cheklangan jamiyatida boʼlib, xorijdan keltirilgan va mahalliy ishlab chiqarilgan dori vositalarini saqlash tartibi, shart-sharoitlarini oʼrganishdi.
“Oʼzbekiston Dori taʼminoti” maʼsuliyati cheklangan jamiyati Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilgan narkotik va psixotrop dori-vositalarini Oʼzbekistonga olib kirish, saqlash va savdoga chiqarish ruxsati boʼlgan kam sonli korxonalardan biri. Maʼlumki, bu kabi dori vositalari oʼziga xos saqlash usullarini talab qiladi, ehtiyotkorlik bilan muomala qilish muhim. Аmaliy mashgʼulotlar davomida talabalarga, sohaning boʼlgʼusi mutaxassislari sifatida mana shu jihatlar ham tushuntirildi.
Shuningdek, talabalar “Dori-Darmon” АK ga qarashli “Maraziy omborxona”da ham boʼlib, ish jarayoni, omborxonada oʼrnatilgan, dori vositalarini taqsimlovchi Аvstriyaning “Schafer” aylanali innovatsion qurilmasining ish jarayonini ham kuzatishdi.