12:48 (12.05.2023)
2604
12 mayi — Xalqaro hamshiralar kuniga bagʼishlangan asosiy bayram tadbiri poytaxtimizdagi Аlisher Navoiy nomidagi kino saroyida boʼlib oʼtdi.
Marosim avvalida ayni paytda Аmerika Qoʼshma Shtatlarida xizmat safarida boʼlib turgan Sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatovning ishtirokchilarga yoʼllagan bayram videotabrigi namoyish etildi.
“Bugun sohadagi barcha yangilanishlar xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish uchun bor imkoniyatlar ishga solinmoqda. “Inson qadri uchun” degan tamoyil faoliyatimizda bosh mezonga aylangan. Аna shu ezgu maqsadlarni roʼyobga chiqarishda Siz, hamshiralarning ham munosib hissangiz bor, albatta”, — dedi vazir oʼz tabrigida.
Darhaqiqat, fidoyi oʼrta tibbiyot xodimlari sogʼliqni saqlash sohasining tayanchi va suyanchiga aylangan, desak mubolagʼa boʼlmaydi.
Tadbirda “Yilning eng yaxshi hamshirasi” koʼrik-tanlovi gʼoliblari hamda 15 ta nominatsiya boʼyicha “Yilning eng yaxshi oʼrta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovining sovrindorlari tantanali ravishda taqdirlandi.
Tanlovning Respublika bosqichida 1,2,3-oʼrinlarni qoʼlga kiritgan hamshiralar tibbiyot oliy oʼquv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinishi mumkin boʼladi.
Dastlab, 15 ta nominatsiya boʼyicha “Yilning eng yaxshi oʼrta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovining birinchi, ikkinchi va uchinchi oʼrin sovrindorlariga "Sogʼliqni saqlash aʼlochisi" koʼkrak nishoni va esdalik sovgʼalari tantanali ravishda topshirildi.
Yilning eng yaxshi farmatsevtlari:
1-oʼrin. Mehriban Kabulova. Qoraqalpogʼiston Respublikasi;
2-oʼrin. Shahlo Roʼzmetova. Xorazm;
3-oʼrin. Muborak Karimova. Namangan.
Shundan soʼng “Hamshira — 2023” tanlovining respublika bosqichi gʼoliblari eʼlon qilindi.
1-oʼrin. Karaeva Mushtariybonu Maʼrufjon qizi — Olmazor tuman tibbiyot birlashmasi markaziy koʼp tarmoqli poliklinika pulьmonolog-hamshirasi;
2-oʼrin. Boltaeva Fayoza Faxriddin qizi — Muborak tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish boʼlimi navbatchi hamshirasi;
3-oʼrin. Mamasiddiqova Lobar Ziyadilla qizi — Jizzax shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-oilaviy poliklinika filiali umumiy amaliyot hamshirasi.
Bellashuvning hududiy bosqichlarida birinchi oʼrinni qoʼlga kiritgan 14 nafar soha xodimiga “Oʼzbekiston Respublikasining sogʼliqni saqlash aʼlochisi” koʼkrak nishoni topshirildi.