12:19 (13.04.2023)
2355
Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Insofsiz ijrochilarning yagona reestrini shakllantirish tartibi toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi idoralararo buyruq loyihasini muhokamaga qoʼydi.
Mazkur buyruq orqali tasdiqlanadigan Insofsiz ijrochilarning yagona reestrini shakllantirish tartibi toʼgʼrisidagi nizom bilan davlat xaridlari jarayonida Insofsiz ijrochilarning yagona reestrini shakllantirish, reestrga davlat xaridlari ijrochilarini kiritish va undan chiqarish tartibi belgilanadi.
Ishtirokchi, gʼolib yoki ijrochi reestrga vakolatli organ tomonidan:
- tegishli sudning qaroriga;
- Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʼrib chiqish boʼyicha komissiyaning qaroriga;
- vakolatli organning qaroriga asosan kiritiladi.
Аrizachilar tomonidan ishtirokchi, gʼolib yoki ijrochini reestrga kiritish yuzasidan murojaatlarini koʼrib chiqish va oʼrganib chiqish maqsadida vakolatli organning birinchi rahbarini ichki buyrugʼiga muvofiq kamida besh nafar aʼzodan iborat Ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh tomonidan arizachilarning murojaatlari oʼrganib chiqiladi va vakolatli organga oʼrganish natijalari boʼyicha maʼlumotlarni taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq elektron tenderda gʼolib deb topilgan ishtirokchi akseptni muddatida tasdiqlamagan taqdirda avtomatik ravishda inson omilisiz davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan ishtirokchi elektron tenderlarga qoʼyilmaydi hamda bu haqida reestrga elektron maʼlumot yuboradi.
Insofsiz ijrochi reestrga ikki yil muddatga kiritiladi va bu muddat tugaganidan keyin ijrochi reestrdan chiqarilgan hisoblanadi.
Reestrga kiritilgan insofsiz ijrochi ikki yil davomida davlat xaridlarida ishtirok etishi taqiqlanadi. Reestrga kiritilgan insofsiz ijrochi bilan davlat xaridlari toʼgʼrisidagi shartnomani tuzgani uchun davlat buyurtmachisi javobgar hisoblanadi.
Shuningdek, nizomda reestrni yuritish, arizachi tomonidan reestrga kiritish uchun murojaat qilish va uni koʼrib chiqish tartiblari belgilangan.