09:00 (21.03.2023)
2483
Tabiat uyg‘onib, ko‘ngillar yayramoqda. Borliqqa sepini yoyib, ko‘rku tarovatini ko‘z-ko‘z etayotgan bahor qalblarga Navro‘z shukuhi bilan kirib kelmoqda.
Darhaqiqat, ko‘klam tarovatini qalblarimizga yanada chuqurroq kirib borishida Navro‘zning o‘rni va ahamiyati nihoyatda katta. Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni, xalqimizning ming yillar davomida saqlanib kelayotgan qadimiy urf-odat va anʼanalarini o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Uning betakror tarovatidan dillar quvnaydi. Yon-atrofdagi uyg‘onish va poklanishni ko‘rgan inson borki, yashash va yasharishga ilhomlanadi, qalblarda esa faqatgina beg‘ubor tuyg‘ular jo‘sh uradi.
Bahor va Navro‘zga bejizga uyg‘onish fasli, yasharish ayyomi deya taʼrif berilmaydi. Boisi ular nafaqat borliqqa, balki insoniyatga ham umrning betakrorligini, jozibali ekanini anglatib turadi.
Eʼtiborli jihati, Navro‘z biror millat yoki davlatning emas, balki insoniyatning bayrami sifatida eʼtirof etilgan. 2009-yil 30-sentyabrda YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2010-yil 19-fevralda BMT Bosh Аssambleyasining 64-sessiyasida 21-martni xalqaro Navro‘z kuni sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Bebaho qadriyatlar, go‘zal udumlar, urf-odatlar va marosimlarni namoyon etishga chorlovchi Navro‘z barchamiz uchun qadrli va sevimli.
Xush kelding, nafaqat borliqni, balki qalblarni ham yashnatib, go‘zallikka to‘ldirgan yasharish ayyomi, ko‘ngillarning bahori – Navro‘z!
Hidoyat SАTTАROVА,
Boshqaruv raisi maslahatchisi