09:22 (03.07.2023)

2310

Samarqandda Xitoy davlati bilan hamkorlikda qon preparatlari ishlab chiqariladi

Keyingi yillarda yurtimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana aʼzolarini koʼchirib oʼtkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yoʼlga qoʼyilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga boʼlgan ehtiyoj yanada ortdi.

Birgina misol. Bugun bitta jigar transplantatsiyasi uchun 30 litrgacha qon plazmasi zarur. Shuning oʼziyoq qonning ahamiyati naqadar muhim ekanini koʼrsatadi.

Shu jihatdan olganda gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin boʼlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʼrsatish, ularni zarur qon komponentlari va dori vositalari bilan taʼminlash, ushbu kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish dolzarb masalalardan biri.

Sogʼliqni saqalash vazirligida boʼlib oʼtgan uchrashuvda Xitoyning “Xindeyuan Bioengineering” kompaniyasi vakillari bilan ayni shu masalada muzokara oʼtkazildi.

Unda Samarqand viloyati “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 250 million dollarlik investitsiyaviy loyihani amalga oshirish borasida muhim kelishuvga erishildi.

Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq yurtimizda gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish uchun 128 mlrd. soʼm mablagʼ ajratilgan boʼlib, ushbu yoʼnalishlarda qoʼllaniladigan 67 turdagi dori vositalari va reagentlar mamlakatimizga asosan chetdan keltirilmoqda.

Samarqandda 15 gektar maydonda qad rostlaydigan qon preparatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, Markaziy Osiyoda yagona boʼlishi kutilayotgan farmatsevtika zavodi aholining bunday preparatlarga boʼlgan ehtiyojini qondirish, shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyish orqali import hajmini kamayishiga xizmat qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech