14:28 (13.03.2023)
2375
“Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi Oʼzbekiston farmatsevtika bozorida dori vositalarining ulgurji va chakana realizatsiyasi bilan shugʼullanuvchi yirik tashkilotlardan biri hisoblanadi. Kompaniya tizimida 2000 ga yaqin dorixona boʼlib, ularning asosiy qismi qishloq hududlarida joylashgan.
“Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi va uning hududiy boʼlinmalari Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarining asosiy taʼminotchilaridan biri boʼlib, 2022 yil davomida:
-sogʼliqni saqlash vazirligiga qarashli davolash profilaktika muassasalariga 246.2 mlrd. soʼmlik;
- boshqa davolash profilaktika muassasalariga 22.0 mlrd.soʼmlik;
- xususiy sektorga 30.0 mlrd.soʼmlik;
- harbiy davolash muassasalariga 11.4 mlrd. soʼmlik;
- QVP va QOPlarga 84.4 mlrd. soʼmlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari yetkazildi.
Kompaniyaning umumiy tovar aylanmasi 2022 yil yakunlari boʼyicha 707.7 mlrd. soʼmni, shundan ulgurji tovar aylanmasi 455,4 mlrd. soʼmni, chakana tovar aylanmasi 252,3 mlrd. soʼmni tashkil etdi. Sof foyda 5,4 mlrd.soʼm.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 22 iyuldagi “Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan taʼminlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 204-son Qarori bilan ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega boʼlgan shaxslarning 13 toifasiga kiruvchi bemorlarga Kompaniya tizimidagi dorixonalar orqali 2022 yilda 523915 ta retsept orqali 27,1 mlrd. soʼm (2021 yilda 22,9 mlrd. soʼm)lik dori vositasi va tibbiyot buyumlari bepul berildi.
“Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tomonidan Davlat buyurtmasi asosida 2020 yilda 1 300 000 doza, 2021 yilda 3 668 000 doza, 2022 yilda 2 347 000 doza grippga qarshi vaktsinalar olib kelingan boʼlib, bu vaktsinalar bolalar, oʼqituvchilar hamda shifokorlar bepul emlanishi uchun Oʼzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yetkazib berildi. Bundan tashqari 2021 yil davomida 34 956 flakon va 2022 yilda 955 145 flakon insulin kirim qilingan.
Murojaatlarga toʼxtaladigan boʼlsak, kompaniyaga 2022 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, kompaniyaning veb-sayti, shuningdek, yozma shaklda va ishonch telefonlari orqali jami 213 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning barchasi tegishli mutaxassislar tomonidan oʼrganilib, ijobiy hal etilgan holda, asosli javob qaytarildi. Yana bir yangilik, ayni kunlarda kompaniyaning “doridarmon.uz” veb-sayti yangi formatda, bugungi kun talablariga mos ravishda yangilanib, ishga tushirildi.