10:06 (26.06.2023)
2305
Joriy yilning 1 iyulidan Toshkent shahrida Davlat tibbiy sugʼurta tizimi joriy etiladi. Tibbiy sugʼurta oʼzi nima va uning aholiga qanday foydasi bor?
Davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida Oʼzbekistonda 2021 yildan boshlab, tibbiyotning birlamchi boʼgʼinida aholini 66 turdagi, 2022 yilda esa 120 turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan bepul taʼminlash yoʼlga qoʼyildi.
Davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda surunkali kasalliklar boʼyicha “D” nazoratidagi bemorlar elektron retsept asosida dorixonadan bepul beriladigan 11 turdagi dori vositalari bilan ambulator davolash “reimbursatsiya” tizimi joriy etildi. Bunda, asosan, yuqori qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, nafas yoʼllari surunkali kasalliklari boʼyicha davolanishda fuqarolar uzoqqa bormasdan dorilarini poliklinikaning oʼzida yoki unga yaqin joylashgan dorixonadan olishmoqda.
Kafolatlangan tibbiy yordam nima degani?
Bularning barchasi fuqarolarimizning tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat mablagʼlari hisobidan bepul olishga boʼlgan Konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash imkonini bermoqda. Chunki, aholining ayrim qatlamlari pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Bunday, vaziyatda davlat oʼz fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan taʼminlash majburiyatini oʼz zimmasiga olgani, yaʼni, barchaga kafolatlangan paket doirasida, sugʼurta jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan bepul tibbiy xizmat koʼrsatilishini taʼminlashi, ayniqsa, moddiy sharoiti yaxshi boʼlmagan fuqarolarning sogʼligʼini saqlashga davlat gʼamxoʼrlik qilishdan toʼxtamasligini anglatadi.
Buning uchun, albatta mamlakatimizda barcha choralar koʼrilmoqda. Masalan, sohaga ajratilayotgan mablagʼlar sezilarli darajada oshdi. Birgina, 2022 yilning oʼzida tibbiyot sohasiga byudjetdan 29 trln soʼm yoʼnaltirilgan boʼlib, bu mablagʼ 2016 yilga nisbatan 5 barobar koʼpdir. Oʼtgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiy buyumlar bilan taʼminlashga ajratilayotgan mablagʼlar 12 barobar koʼpaytirildi.
Mamlakatimizda inson salomatligi va uning turmush farovonligiga boʼlgan bunday eʼtibor natijasida shifo maskanlarida aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshib, fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, sogʼliqni saqlash sohasiga Davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini joriy etishdan oldin Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Frantsiya, Germaniya, Norvegiya, Rossiya kabi davlatlarning tibbiy sohaga oid tajribasi atroflicha oʼrganildi.
Tahlillar shuni koʼrsatdiki, bugungi kunda koʼplab mamlakatlarda maxsus tibbiy sugʼurtalash jamgʼarmalari faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy maqsadi — bemorlarga sifatli tibbiy va profilaktik yordam koʼrsatilishini taʼminlash uchun majburiy tibbiy sugʼurtalash tizimini moliyalashtirishdir.
Tibbiy sugʼurta oʼzi nima?
Sugʼurta oʼzi nima, sugʼurtadan aholiga nima foyda, bu tibbiyot tizimiga nima beradi, kabi savollar tugʼilishi mumkin. Sugʼurta soʼzi koʼpchilikda majburiy, foydasiz narsa degan salbiy fikrlar uygʼotishi tabiiy. Negaki, koʼp hollarda sugʼurta majburiy boʼlib, odamlar tegishli miqdorda mablagʼ toʼlab, sugʼurta polislari sotib oladi. Аmmo, bugun milliy sogʼliqni saqlash tizimiga joriy etilgan sugʼurta tizimida aholi pul toʼlamaydi, sugʼurta doirasida har bir fuqaroning salomatligini kafolatlangan paket asosida davlat byudjeti mablagʼi hisobidan sugʼurta qilinadi. Bu bilan sohaga ajratilayotgan byudjet mablagʼlaridan maqsadli foydalanish, kasalliklarni erta aniqlash, aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʼlamini yanada oshirishga erishiladi.
Tibbiyot sohasida sugʼurta tizimining toʼliq yoʼlga qoʼyilishi sogʼliqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablagʼlar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushi oshishiga, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarini sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlanganlik darajasini oshirishga, tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga, aholining tibbiy yordam uchun toʼgʼridan toʼgʼri toʼlovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligini yaxshilash, tibbiyot xodimlarini moddiy ragʼbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam koʼrsatishga xususiy tibbiyot tashkilotlarini jalb qilgan holda tibbiy xizmatlar bozorida raqobat muhitini rivojlantirish imkoniyatini yaratadi. Bir soʼz bilan aytganda, aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga zamin yaratadi.