10:15 (13.03.2023)
2387
Psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qoʼyildi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati.
Xususan, aniqlangan maʼlumotga koʼra, Qibray tumani “Madaniyat” MFYda yashovchi 31 yoshli fuqaro oʼzining mashinasida ketayotgan vaqtida toʼxtatilib tezkor xodimlar tomonidan koʼzdan kechirilgan. Natijada mashina salonidagi sumka ichida jami, 134 ta “Tropikomid” va 1.666 dona “Regapren” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Maʼlum boʼlishicha, ushbu shaxs taqiqlangan dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelgan.
Shundan soʼng, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsni dori vositalari bilan taʼminlayotgan taʼminotchi ham viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan ushlandi. Yunusobod tumani 11 mavzeda joylashgan MChJ ga qarashli dorixonada ishlovchi 26 yoshli fuqaroning xonadoni va dorixonasi xolislar ishtirokida koʼzdan kechirildi. Bu yerda taxminiy bahosi 25 mln 740 ming soʼmga teng boʼlgan, 315 dona “Regapen” 45 dona “Zardeks”, 39 dona “Midaks” va 4 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, hujjatlashtirilib olindi.
Bundan tashqari, Zangiota tumanida oʼtkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda 1999-yilda tugʼilgan fuqaro 36 yoshli sherigi bilan qora bozordagi narxi 21 mln soʼm boʼlgan jami 1 368 dona turli nom va koʼrinishda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, IIBB xodimlari tomonidan qoʼlga olindi.
Shu kabi, Yangiyoʼl shahrida ham tashkil etilgan tezkor tadbir natijasida, 32 yoshli fuqaroning qoʼlida boʼlgan sumka ichidan narxi 11 mln soʼmga teng boʼlgan jami 1 296 dona turli nomdagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi fosh etilib, shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda qayd etilgan barcha holatlar yuzasidan tergov va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.