11:07 (03.05.2023)

2518

JSST Hindistonda ishlab chiqarilgan yana bir yoʼtal siropidan ogohlantirdi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti Marshall orollari va Mikroneziyada Hindistonda ishlab chiqarilgan xavfli yoʼtal siropi yuki topilganini maʼlum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

JSST Panjob QP Pharmachem Ltd tomonidan ishlab chiqarilgan Guaifenesin TG siropining sinovdan oʼtkazilgan namunalarida “qabul qilib boʼlmaydigan miqdorda dietilen glikol va etilen glikol” borligini taʼkidladi.

Sirop tarkibidagi ikkala birikma ham odamlar uchun zaharli va isteʼmol qilingan taqdirda oʼlimga olib kelishi mumkin. JSST bayonotida kimdir preparat oqibatida kasal boʼlgan-boʼlmaganiga aniqlik kiritilmagan.

QP Pharmachem Ltd boshqaruv direktori Sudhir Pazakning aytishicha, kompaniya barcha tartibga soluvchi ruxsatlarni olgandan keyin 18 346 ta sirop partiyasini Kambodjaga eksport qilgan. U mazkur mahsulot Marshall orollari va Mikroneziyaga qanday yetib kelganini bilmasligini aytdi.

JSST bayonotida aytilishicha, koʼkrak qafasidagi yoʼtal alomatlarini yoʼqotish uchun ishlatiladigan mahsulot Аvstraliya dori vositalari boshqarmasi, Terapevtik tovarlar boshqarmasi tomonidan sinovdan oʼtgan.

Sirop Haryana shtatida joylashgan Trillium Pharma tomonidan sotilgan. Trillium vakili va Hindiston hukumati mazkur xabarga munosabat bildirmagan.

“Na koʼrsatilgan ishlab chiqaruvchi, na sotuvchi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati boʼyicha kafolat bermagan”, — deyiladi tashkilot bayonotida.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech