Yangiliklar

not found

O‘zbekistonliklarda dunyoda noma’lum bo‘lgan gen o‘zgarishlari aniqlandi

Olimlar bu holatni ayrim hududlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ulushining yuqoriligi bilan izohlamoqda. Ba’zi viloyatlarda bunday nikohlar umumiy nikohlarning choragiga yaqinini tashkil etadi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari mamlakat tarixida ilk bor inson genlarini chuqur o‘rganish — ya’ni genlarni to‘liq o‘qish va tahlil qilish tadqiqotini o‘tkazdi. Bu tadqiqot natijasida o‘zbekistonliklarda ilgari dunyoda noma’lum bo‘lgan o‘nlab yangi gen o‘zgarishlari aniqlandi. Olimlar topgan ma’lumotlar xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritildi va ta’kidlanishicha, bu O‘zbekistonning jahon genomika fanidagi o‘rnini mustahkamlaydi. Qayd qilinishicha, tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, tadqiqotda qatnashgan har ikkinchi bolada irsiy mutatsiya bor. Ya’ni kasallikka moyillik irsiy yo‘l bilan o‘tayotgani aniqlangan. Eng tashvishlisi, bolalarning 86 foizi hech bo‘lmaganda bitta «buzilgan» gen tashuvchisi ekani ma’lum bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich xalqaro me’yordan ikki barobar yuqori hisoblanadi. Olimlar bu holatni ayrim hududlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ulushining yuqoriligi bilan izohlashmoqda. Masalan, ba’zi viloyatlarda bunday nikohlar umumiy nikohlarning choragiga yaqinini tashkil etadi. Bu holat kelgusi avlodlarda faqat irsiy kasalliklar emas, balki umumiy sog‘liq holatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Olimlar ta’kidlashicha, genetik mutatsiyalar nafaqat kam uchraydigan irsiy kasalliklar, balki diabet, yurak-qon tomir xastaliklari, onkologik jarayonlar kabi ko‘p tarqalgan kasalliklarning ham rivojlanish xavfini oshiradi. Shu bois, bu kasalliklar nafaqat ko‘payib borishi, balki ancha yosh avlodlar orasida ham namoyon bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shuning uchun olimlar nikohdan oldin juftliklarni genetik tekshiruvdan o‘tkazish, bolalarni erta skrining va profilaktika dasturlariga jalb etish zarurligini ta’kidlamoqda. Ta’kidlanishicha, bu orqali kasalliklarni ilk bosqichda aniqlash va to‘g‘ri davolash imkoni yaratiladi. Tadqiqot natijasida ko‘plab muhim ma’lumotlar aniqlangan. Tekshirilgan bemorlarning yarmidan ko‘pida aniq genetik tashxis qo‘yilgan, bu esa shifokorlarga to‘g‘ri davolash usulini tanlash imkonini bergan. Aniqlangan mutatsiyalarning salkam uchdan bir qismi ilgari dunyo ilm-fanida qayd etilmagan bo‘lib, ular xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritildi. Shuningdek, ba’zi bolalarda bir vaqtning o‘zida bir nechta irsiy kasallik belgilari aniqlangan. Bu holat mamlakatdagi qarindoshlik nikohlari darajasi yuqori ekanini yana bir bor tasdiqlagan. «Ilk bor xalqimiz genlarining haqiqiy manzarasini ko‘rdik. Agar bolalarning ko‘pchiligi yashirin irsiy mutatsiyalarga ega bo‘lsa, profilaktika va genetik maslahat tizimisiz bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi. Shuning uchun nikoh oldidan juftliklarni skriningdan o‘tkazish dasturlarini joriy etish juda muhim», dedi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori va «O‘zbekistonning 1000 genomi» loyihasi rahbari professor Shahlo Turdiqulova. «O‘zbekistonning 1000 genomi» loyihasi aholining genetik xaritasini yaratish va milliy biobankni shakllantirishga qaratilgan. Ta’kidlanishicha, bu ma’lumotlar kelgusida shaxsga yo‘naltirilgan tibbiyotni rivojlantirish, yangi dori vositalari va aniq skrining dasturlarini ishlab chiqishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Ilg‘or texnologiyalar markazi — bu zamonaviy laboratoriyalar jamlangan ilmiy muassasa bo‘lib, u yerda biotexnologiya, genetika, nanotexnologiya va sun’iy intellekt sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Markaz olimlari pandemiya davrida koronavirusning yangi shtammlarini aniqlashda ishtirok etib, ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasini yaratishda hammuallif bo‘lgan.

  • 22 Oktyabr, 09:00
  • Batafsil
not found

“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” — “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasida o‘zbek tili bayrami nishonlandi

Dunyoda millatni millat sifatida ushlab turgan omillar bor. Shulardan biri milliy qadriyatlarimiz, ota-bobolarimiz qarashlarini, millatning ma’naviy qiyofasini belgilab beradigan ona tilimizdir. Shu ma’noda, har yili 21 oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab turli tadbirlar tashkil etiladi. Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasida ham yuqori ruhda tashkil etildi. Tadbirni kompaniya Boshqaruvi raisi v.v.b. A. Kamilov kirish so‘zi bilan ochib, 21 oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan barchani muborakbod etdi hamda yurtimizda o‘zbek tiliga berilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan muhim islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan taraqqiyotimizning yangi bosqichida ona tilimizning rivojiga xizmat qiluvchi ulkan qadamlar tashlanganligi, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini tubdan oshirishga qaratilgan aniq va manzilli chora-tadbirlar ko‘rilganligi, ona tilimizning jamiyatning barcha sohalarida faol qo‘llanilishiga erishish, yosh avlodni tilimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Kuni kecha “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilinganligi va 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi tasdiqlanganligi va unda belgilangan chora-tadbirlar o‘zbek tilini yurtimiz va jahondagi mavqiyeni yanada mustahkamlash, yosh avlodni tilga mehrini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zbek tili qoidalariga amal qilish, kompaniya ish faoliyatida rasmiy davlat tilida ish olib borilishi xodimlarning tilga bo‘lgan e’tibor va hurmatining bir na’munasi ekanligini e’tirof etish bilan birga, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida tez-tez uchraydigan ruscha atamalarning o‘zbekcha muqobillari hamda ularni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berishdi. Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar xodimlar ma’naviyatini yuksaltirish, davlat tiliga bo‘lgan ehtiromni mustahkamlash hamda sohada til madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.

  • 21 Oktyabr, 12:00
  • Batafsil
not found

Elektron retsept tizimini joriy etish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi binosida elektron retsept tizimini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Tadbirda Sog‘liqni saqlash, Raqamli texnologiyalar va Adliya vazirligi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, shuningdek, Toshkent shahridagi dorixonalar mas’ul xodimlari, xususan "Dori-Darmon" AK mas’ullari ishtirok etdi.  Uchrashuvda mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8 sentabrdagi «Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 570-son qarori mazmun mohiyati, elektron retsept tizimining joriy etilishi, amaliyotda qo‘llanilishi hamda dorixonalar faoliyatiga oid litsenziya shartlariga kiritilgan yangiliklar, qonunchilikdagi mazkur o‘zgarishlar va dorixonalarda ushbu tizim bilan ishlashning afzalliklari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 570-son qaroriga muvofiq 2025-yil 10 dekabrdan boshlab, Toshkent shahri hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19 maydagi PF-88-son Farmoniga muvofiq tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman, shaharlardagi barcha tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini bemorlarga tayinlashda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha (agar mavjud bo‘lsa) elektron retsept rasmiylashtirilishi belgilangan. Seminar davomida dorixona vakillari elektron retsept tizimini joriy etish bilan bog‘liq mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashishdi hamda takliflar berishdi. Shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

  • 20 Oktyabr, 14:26
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech