Yangiliklar

not found

Farmatsevtlar uchun navbatdagi oʻquv tashkil etildi

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi dorixonalarda faoliyat yuritayotgan farmatsevtlar uchun navbatdagi oʻquv tashkil etildi. Kuzning salqin kunlari boshlandi. Yogʻingarchilik mavsumi yaqin. Bu — oʻtkir respirator virusli infeksiyalar avj olishi uchun qulay muhit. Ana shu davrda shamollash va gripp singari mavsumiy kasalliklar bolalar va kattalar oʻrtasida keng tarqaladi.  Oʻquv ayni shunga qaratildi, yaʼni ayni virusli infeksiyalardan davolanish uchun murojaat qilgan bemorlarga retseptsiz beriladigan dori vositalarini tavsiya qilishda nimalarga eʼtibor berish, qanday maʼlumotlarni taqdim etishni unutmaslik kerakligi haqida intereaktiv usulda muloqot olib borildi. Oʻquv davomida “Binnofarm Grupp” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakillari farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan oʻtkir respirator virusli infeksiyalarda qoʻllaniladigan dori vositalari, ularning tarkibi, taʼsir qiluvchi moddasi, qoʻllanilishi, nojuya taʼsirlari, saqlanishi haqida batafsil tushunchalar berib oʻtdi. Shuningdek, “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining dorixonalar tarmogʻida sotilayotgan  “Binnofarm Grupp” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan virusga qarshi, varikoz kasalligiga qarshi, ovqat hazm qilish tizimi va oʻt yoʻllarining funksional buzilishlari bilan bogʻliq boʻlgan hollarda, jigar kasalliklarida qoʻllaniladigan Kagotsel,  Venarus,  Neobutin,  Urdoksa,  Deksonal va Diklofenak kabi dori vositalari haqida toʻliq maʼlumotlar berildi. Oʻquv yakunida olingan bilimlarni mustahkamlash uchun interaktiv savol-javob oʻtkazildi. “Binnofarm Grupp” — Rossiyaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri boʻlib, 450 dan ortiq retsept bilan  va retseptsiz beriladigan preparatlarni ishlab chiqaradi. Portfeldagi 100 dan ortiq dori vositalari zarur dori vositalari roʻyxatiga kiritilgan.

  • 26 Sentyabr, 12:00
  • Batafsil
not found

JSST: Paratsetamol va autizm o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqlaydigan ishonchli ilmiy dalillar mavjud emas

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti autizm bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi. Tashkilot ma’lum qilishicha, hozirgi paytda homiladorlik davrida paratsetamol (atsetaminofen) qabul qilinishi va autizm rivojlanishi o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini tasdiqlaydigan ishonchli ilmiy dalillar mavjud emas. Autizm spektri buzilishlari — bu bosh miya rivojlanishidagi turli xil nevrologik buzilishlarni o‘z ichiga olgan holat bo‘lib, dunyo bo‘ylab taxminan 62 million nafar inson ushbu holat bilan yashamoqda. Har 127 kishidan 1 nafariga autizm spektridagi tashxis qo‘yilgan. JSST ma’lumotiga ko‘ra, autizmning aniq sabablari hali ham to‘liq aniqlanmagan. Homiladorlik davridagi dori vositalarini qabul qilish bilan bog‘liq masalalar so‘nggi o‘n yilda ko‘plab ilmiy tadqiqotlar mavzusiga aylangan. Shu bilan birga, hozircha paratsetamol bilan autizm o‘rtasida bog‘liqlikni tasdiqlovchi aniq ilmiy asoslar yo‘q. JSST barcha ayollarga homiladorlik paytida dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasi asosida, ehtiyotkorlik bilan qabul qilishni tavsiya etadi. Ayniqsa, homiladorlikning birinchi uch oyida shifokor nazorati muhim hisoblanadi. Vaksinalar va autizm o‘rtasida ham bog‘liqlik yo‘q Tashkilot, shuningdek, bolalarni vaksinatsiya qilish va autizm rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida tarqalgan noto‘g‘ri ma’lumotlarni rad etdi. 1999-yildan buyon JSST bilan hamkorlik qiluvchi mustaqil mutaxassislar bir necha marta vaksinalar, jumladan, tiomersal yoki alyuminiy saqlovchi preparatlar autizm yoki rivojlanishdagi boshqa nuqsonlarga olib kelmasligini isbotlovchi dalillar bilan tasdiqlagan. Bolalarni emlash bo‘yicha taqvimlar JSST metodik rahbarligida, xalqaro ekspertlar va mamlakatlar ishtirokida, ilmiy dalillarga asoslangan holda ishlab chiqiladi. Bu taqvimlar so‘nggi 50 yil mobaynida 154 milliondan ortiq insonning hayotini saqlab qolishga yordam bergan. Emlashning belgilangan muddatlarini kechiktirish yoki buzish, dalillarga tayanmasdan o‘zgartirish infeksion kasalliklarning faqat bolalar emas, balki butun jamiyat orasida tarqalish xavfini keskin oshiradi. Ayniqsa, emlash yoshiga yetmagan chaqaloqlar va immuniteti past shaxslar bu holatda katta xavf ostida qoladi. Autizm va asab tizimining rivojlanishidagi buzilishlar 2025-yil 25 sentabr kuni BMTning ruhiy salomatlik va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha to‘rtinchi yuqori darajali yig‘ilishida muhokama qilindi. JSST autizm muammosini chuqurroq o‘rganish, autizm bilan yashovchi shaxslar va ularning oilalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

  • 25 Sentyabr, 17:30
  • Batafsil
not found

Namanganda 15 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdoga chiqarilishini oldi olindi

Mamlakatimizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan va sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdosiga chek qo‘yish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona organlari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi, 1986 y.t. shaxs davlat reyestridan o‘tmagan, muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan, Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan 2100 dona qutidagi “Ferromed” nomli dori vositasini “shartli” xaridorga 168 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 4296 qutidagi “Ferromed” dori vositasi olindi. Baholash hisobotiga ko‘ra, jami 6396 qutidagi dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 223 mln so‘mni tashkil etadi. Hozirda qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186³ -moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Namangan shahrida qayd etilgan holatda dori vositalari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ ombor mudiri va uning 2 nafar tanishiga qarashli 3 ta noturar bino ko‘zdan kechirildi. Natijada, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, taxminiy qiymati 12,8 mlrd so‘mdan ortiq, 2307 turdagi, jami 195.323 dona kontrafakt dori vositalari mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi. Hozirda ushbu dori vositalariga nisbatan sudga oid kimoviy, tovarshunoslik ekspertizalari tayinlandi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Boshqa holatda esa Namangan shahri va Uychi tumanidagi 2 ta “yashirin ombor”dan xorijda ishlab chiqarilgan, taxminiy qiymati 1,2 mlrd so‘mlik, 128 turdagi jami 45.641 dona dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi. Ta’kidlash lozimki, sifat sertifikatlariga ega bo‘lmagan ushbu dori vositalarining ayrimlarini yaroqlilik muddati o‘tgan. Hozirda ushbu dori vositalari ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

  • 25 Sentyabr, 14:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech