Yangiliklar

not found

DXX: Sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari boʼlmagan dori vositalarining savdosiga chek qoʼyildi

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʼyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda, Yakkabogʼ tumanida yashovchi, 1996 y.t. shaxs «Banktsef», «Zanasef», «Gansef» va «Gandsef» nomli jami 3.767 dona dori vositalarini 54 mln. soʼmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. U dori vositalarini mazkur tumanda yashovchi, 1996 y.t. fuqarodan olganligi aniqlanib, ushbu shaxs ham muqaddam sotgan dorilari uchun 26 mln. soʼm olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadoni koʼzdan kechirilganda, tegishli hujjatlari boʼlmagan, umumiy bahosi 1 mlrd. 307 mln. soʼmlik jami 14.909 dona dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasi xulosalariga koʼra, ushbu dori vositalari – tibbiyotda qoʼllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat roʼyxatidan oʼtmaganligi maʼlum boʼldi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi fuqaroning xonadoni koʼzdan kechirildi. Natijada, xonadonda Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari boʼlmagan va sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 593 mln. 142 ming soʼmlik 49.020 dona flakonda “Аmpisul” nomli dori vositalari borligi aniqlandi hamda ularning egasi hisoblangan, Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1990 y.t. shaxs qoʼlga olindi. Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalarini Fargʼona viloyatida yashovchi, 1990 va 1994 yillarda tugʼilgan 2 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan bojxona nazoratini chetlab oʼtib, olib kelganliklari aniqlanib, ular ham ushlandi. Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

  • 9 Aprel, 11:05
  • Batafsil
not found

Olimlar insoniyat uchun eng xavfli oʼnta kasallik roʼyxatini tuzishdi

Olimlar dunyoda kasallanish va oʼlim darajasi boʼyicha keng koʼlamli tadqiqot oʼtkazdilar. Tadqiqot natijalariga asosan soʼnggi 30 yil ichida insoniyat uchun eng xavfli boʼlgan oʼnta kasallik roʼyxatini tuzdilar. Loyihaga Vashington universiteti qoshidagi Sogʼliqni saqlash koʼrsatkichlari instituti rahbarligida oʼnlab mamlakatlardan yuzlab ekspertlar va ilmiy tashkilotlar jalb qilindi. Mutaxassislar 204 ta davlatda umr koʼrish davomiyligi va oʼlimning 288 ta sababini tahlil qildi. Maʼlum boʼlishicha, soʼnggi yillarda dunyo boʼylab oʼrtacha umr koʼrish davomiyligi oʼsish tendentsiyasini koʼrsatgan. Biroq, koronavirus pandemiyasi boshlanganidan keyin bu koʼrsatkich pasaygan – natijada oʼrtacha umr koʼrish 71,7 yoshni tashkil qildi. 2019 yilda eng xavfli kasalliklar orasida birinchi oʼrinni yurak-qon tomir kasalliklari egalladi. Ikkinchi oʼrinda insult, uchinchi oʼrinda — surunkali obstruktiv oʼpka kasalligi. Oʼntalikka shuningdek quyi nafas yoʼllarining infektsiyalari, neonatal kasalliklar, yaʼni hayotning birinchi oyida oʼlimga olib keladigan kasalliklar, Аltsgeymer kasalligi, oʼpka saratoni, qandli diabet, buyrak kasalliklari va diareya kiradi. 2021 yilda COVID-19 roʼyxatga kiritildi. Va u tezlikda ikkinchi oʼringa koʼtarildi, insult keyingi oʼringa tushdi. Tadqiqot oʼtkazgan olimlarning taʼkidlashicha, yuqumli kasalliklar asta-sekin oʼntalikdan chiqib ketmoqda. Аmmo Аltsgeymer kasalligi oʼz mavqeini oshirib, toʼqqizinchi oʼrindan koʼtarilib, oltinchi oʼrinni egallab turibdi. Bundan tashqari, ekspertlar yangi pandemiyalar paydo boʼlishini istisno etmayapti, deb yozadi The Lancet jurnali.

  • 9 Aprel, 08:50
  • Batafsil
not found

Hijoma rostdan ham foydalimi, kimlarga tavsiya qilinmaydi?

Hijoma — maxsus uskunalar yordamida vakuum orqali qon oldirish boʻlib, uni baʼzan vakuumli massaj deb ham atashadi. Alternativ va anʼanaviy tibbiyot sohasiga tegishli mazkur jarayon qadimdan mavjud. Unga koʻra, bemorning terisi skalpel yoki igna bilan kesiladi, soʻng shikastlangan joy ustiga vakuumli massaj uchun maxsus idish qoʻyiladi. Yuzaga kelgan bosim tufayli teri idishga soʻriladi va shikastlangan qismdan qon sizib chiqadi. Hijoma Oʻrta Osiyo, Xitoy, Koreya va Sharqiy Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq davlatlarida qoʻllanadi. Hijoma nima uchun qoʻllanadi? Hijomaning bir nechta shifobaxsh xususiyatlari mavjud, masalan, osteoxondroz va epilepsiyadan tortib jigar, buyrak va oʻt pufagi kasalliklari uchun samarali deb taʼkidlanadi. Ammo hijomaning foydasi olimlar tomonidan rasman tasdiqlanmagan. Ilmiy dalillarga kelsak, hijoma asosan ogʻriq qoldiruvchi vosita sifatida isbotlangan. Masalan, hijoma mushaklar, boʻyin va yelkadagi ogʻriqlar, kuchli bosh ogʻrigʻi, nevralgiya, gerpesda ham qoʻllanadi. Hijoma zarar yetkazishi mumkinmi? Hijomaning salbiy taʼsiri uni qayerda va qanday muhitda oʻtkazishga bogʻliq. Bir martalik igna va skalpeldan foydalanish, kesishdan avval bemor terisini dezinfeksiya qilish kabi xavfsizlik qoidalariga rioya etish lozim. Aks holda OIV, gepatit B va C kabi qon orqali yuqadigan kasalliklar va boshqa infeksiyalarni yuqtirib olish xavfi bor. Hijoma keng qoʻllanadigan Saudiya Arabistoni davlatida 25 000 taga yaqin gepatit C kasalligiga chalingan bemorlar tekshirilgan. Tekshiruv natijalariga koʻra, bemorlarning koʻpgina qismi aynan hijoma orqali gepatitni tasodifan yuqtirib olgan. Hijomaning quyidagi nojoʻya taʼsirlari mavjud: Hijoma qilingan teri qismida shish, chandiq, kuyish, turli yaralar paydo boʻlishi; Teriga infeksiya tushishi; Qichishish va allergik reaksiyalar sodir boʻlishi; Teri ostidagi yogʻ qatlamining yalligʻlanishi; Kamqonlik; Psoriaz va boshqa teri kasalliklari; Kebner fenomeni (teri shikastlanishi); Ong va tushunish bilan muammolar, bosh aylanishi; Koʻngil aynishi, charchoq; Hushdan ketish; Uyqu bilan muammolar. Hijoma tibbiy jarayondir. Baʼzi tibbiy bilim, koʻnikma hamda diplomga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan bajarilgan hijoma yuqoridagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Hijoma man etiladigan holatlar: Ochiq jarohat va teri yaralari; Saraton kasalliklari; Biror ichki organ yetishmasligi; Gemofiliya va boshqa qon kasalliklari; Yuragiga kardiostimulyator oʻrnatilgan insonlar; Bolalar va qariyalar; Homiladorlik; Hayz davri; Xolesterin miqdori oshganda; Yurak va qon-tomir kasalliklari; Oʻtkir yuqumli kasalliklar. Shuningdek, chuqur trombozda va suyak singanda ham hijoma qilish mumkin emas. 

  • 8 Aprel, 16:29
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech