Yangiliklar

not found

Toshkent shahrida noqonuniy sexda ishlab chiqarilgan qalbaki dori vositalari dorixonalar orqali sotuvga chiqarilgan

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJga tegishli manzilda tashkil etilgan yashirin sexda qonunga xilof tarzda qalbaki dori vositalari tayyorlanishi va shahar dorixonalari orqali sotilishi maʼlum boʻldi. Tekshiruv davomida ushbu manzildan jami 11 dona dori ishlab chiqarish stanoklari, 21 dona dori tayyorlashda kerak boʻladigan qoliplar hamda umumiy ogʻirligi 389 kg boʻlgan kukun va tabletkalar, “Raikal” nomli pnevmatik qurol va boshqa narsalar ashyoviy dalil sifatida olindi. Shuningdek, MCHJga tegishli ikkinchi manzilda ham yashirin sex mavjud boʻlib, undan dori vositalari ishlab chiqarishda foydalaniladigan qolip va uskunalar, boʻsh dori kapsulalari, qutilari, yoʻriqnomalar, kukun koʻrinishidagi xom-ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi” DM ekspertiza xulosasiga koʻra, yashirin sexda “Ursosan 250 mg”, “Neyromidin 20 mg”, “Fanigan” dori vositalari qalbakilashtirilgan. Tadbir mantiqiy davom ettirilib, mazkur sexda ishlab chiqarilayotgan dorilarni sotish bilan shugʻullanuvchi va “Fanigan” dori vositasini qalbakilashtirish boʻyicha buyurtma berib, 130 kg ushbu dorining substansiyalarini keltirib bergan shaxsning dorixonasi ham koʻzdan kechirildi. Natijada, ushbu dorixonadan “Fanigan”, “Azimak”, “Siprolet” kabi 15 turdagi 1.067 quti qalbaki hamda 14 turdagi 274 quti yaroqlilik muddati oʻtgan dorilar aniqlandi. Hozirda noqonuniy sex tashkilotchilarining 3 nafariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

  • 27 Avgust, 09:00
  • Batafsil
not found

Infografika: 2017–2024 yillarda O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining rivojlanishi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tayyorlangan infografikada Oʼzbekistondagi farmatsevtika sanoatining soʼnggi 8 yildagi rivojlanish dinamikasi aks ettirildi.  So‘nggi sakkiz yil mobaynida O‘zbekistonda farmatsevtika sanoati jadal sur’atlarda rivojlanib, milliy iqtisodiyotning strategik ahamiyatga ega sohalari qatorida mustahkam o‘rin egalladi. 2017–2024 yillar davomida sohani kompleks rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,9 baravarga o‘sib, 2024 yil yakunida 4,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘sish, avvalo, milliy dasturlar doirasida amalga oshirilgan islohotlar va investitsiya faolligining ortishi bilan bog‘liqdir. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar soni 2017 yildagi 146 tadan 2024 yilda 195 taga yetdi. Ulardan 54 tasi dori-darmon vositalari, 38 tasi tibbiy uskunalar, 103 tasi esa tibbiy buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining yaratilishi va mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish orqali sohaning ichki ehtiyojlarni qondirish salohiyati sezilarli darajada oshdi. 2017–2024 yillar davomida farmatsevtika sohasiga kiritilgan umumiy investitsiyalar hajmi 3,6 baravarga o‘sib, 2024 yilda 185 mln dollarni tashkil etdi. Buning katta qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Xususan, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, xalqaro standartlarni joriy etish va sifat nazorati tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Eksport salohiyati ham sezilarli darajada kengaydi. Agar 2017 yilda farmatsevtika mahsulotlari eksporti 7,3 mln doll. atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 2,7 baravarga oshib, 20 million dollarga yetdi. Xalqaro hamkorlik geografiyasi kengayib, Germaniya, Rossiya va Qozog‘iston asosiy hamkor davlatlar sifatida shakllandi. Bunday aloqalar o‘zbek mahsulotlarining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini yanada mustahkamladi. Ishlab chiqarishda sifat va xavfsizlikka bo‘lgan talablarning ortgani sharoitida GMP (Good Manufacturing Practice) va boshqa xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. 2020 yilda 10 ta korxona GMP talablariga javob bergan bo‘lsa, 2024 yilda ular soni 54 taga yetdi. Shuningdek, ISO 9001:2015 standarti bo‘yicha sertifikatlangan korxonalar soni 74 foizga o‘sib, 59 taga yetdi. Umuman olganda, farmatsevtika sanoati O‘zbekistonda texnologik jihatdan ilg‘or, investitsiyaviy jozibador va eksportbop sohalardan biriga aylanmoqda. Hukumat bu yo‘nalishdagi islohotlarni izchil davom ettirib, farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, eksportni rag‘batlantirish va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

  • 26 Avgust, 17:00
  • Batafsil
not found

АQSh olimlari autizmni davolash uchun yangi dorini kashf etdi

АQSh Stenford tibbiyot universiteti tadqiqotchilari autizmni davolashda katta yutuqlarga erishdi. Ular atigi bir doza bilan autizm alomatlarini bartaraf etadigan yangi dori vositasini kashf etgan. Science Advances jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotda, sichqonlarda autizm spektrining buzilishini (PAC) oʼrganish natijasida, tadqiqotchilar talamusning sensor maʼlumotlarni qayta ishlash uchun masʼul boʼlgan retikulyar yadrosidagi giperaktivlik autistik xatti-harakatlar bilan bogʼliqligini aniqladi. Olimlar sichqonlarga uliksakaltamid nomi bilan ham maʼlum boʼlgan Z944 preparatini, epilepsiyani davolashda qoʼllanilishi mumkin boʼlgan vositani — yuborishdi. Tajriba natijalari hayratlanarli boʼldi: preparat miyadagi ushbu faol sohaning faoliyatini susaytirdi va autizm alomatlarini bartaraf etdi. "Olimlar aniqlashicha, preparatni sichqonlarga bir marta yuborishning oʼziyoq autizm bilan bogʼliq bir qator belgilarni bartaraf etadi. Bular qatoriga yorugʼlik va ovozga nisbatan ortiqcha sezuvchanlik, oʼzini oʼzi stimulyatsiya qilish, takroriy harakatlar, ijtimoiy muammolar hamda tutqanoq xavfining oshishi kiradi."-deyiladi maqolada. Tadqiqot natijalari shundan dalolat beradiki, epilepsiya va autizmni nazorat qiluvchi miyadagi jarayonlar oʼzaro bogʼliq boʼlishi mumkin. Mutaxassislar fikricha, autizmli insonlarda epilepsiya rivojlanish xavfi umumiy aholiga nisbatan 30 barobar yuqori. Bu holat vaqt oʼtishi bilan kognitiv funktsiyalarni yomonlashtirishi, nutq va ijtimoiy koʼnikmalarning orqaga ketishiga olib kelishi mumkin. Olimlar taʼkidlashicha, Z944 preparati kelajakda ham autizm, ham epilepsiyani davolashda qoʼllanilishi mumkin. Biroq, bu dori hozircha keng omma uchun foydalanishga tayyor emas — u haligacha epilepsiya boʼyicha klinik sinovlardan oʼtmoqda. Shuningdek, bu preparat odamlarda qanday natija berishi hozircha nomaʼlum.

  • 26 Avgust, 13:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech