Yangiliklar

not found

Senat 2025-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Senatning ikkinchi yalpi majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi. Ta’kidlanganidek, 2025-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy soha xizmatlari sifatini yanada oshirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va atrof muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra 2025-yilda iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Xususan, Qonunda o‘rta muddatda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik vazifasidan kelib chiqib, 2025-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431,0 trln so‘m, xarajatlar esa 480,5 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan. Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln so‘mni, xarajatlari esa 344,8 trln so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 66,4 trln so‘m va 62,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Qonunda keyingi yilda ham xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolingan bo‘lib, Davlat byudjeti xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Senatorlar Qonunni muhokama qilish jarayonida byudjet daromadlarini oshirishga, byudjet mablag‘larini maqsadli sarflashga alohida e’tibor qaratdi va o‘z fikrlarini bildirdi. Qonunda 2025-yil uchun Davlat byudjeti xarajatlarida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun 3,6 trln so‘m ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash sohasiga esa 41,3 trln so‘mni yoki 2024 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8 foizga oshgan holda ajratish rejalashtirilmoqda. Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

  • 19 Dekabr, 15:00
  • Batafsil
not found

Tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan ozdiruvchi qahva mahsulotlari ushlab qolindi

Poytaxt aeroportida “Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan va bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan yo‘lovchilardan biri yo‘l sumkasida 2 turdagi 49 dona “Zerofit” yozuvli paketchali kofelarni olib kirishga uringani aniqlandi. “Toshkent–AERO” IBKning Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘basi xodimlari tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa oldindan tezkor kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 5760 dona “Keta” nomli ozdiruvchi qahva mahsulotlari borligi aniqlandi. Har ikkala holatda olib qo‘yilgan qahva mahsulotlari Markaziy bojxona laboratoriyasida bojxona ekspertizasidan o‘tkazilganida, ularning tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi. Hozirda har ikki holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, “sibutramin” Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4-oktyabrdagi 632-son qarori bilan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan hamda respublikamiz hududida muomalasi cheklangan. Ushbu qarorga binoan tarkibida sibutramin, shuningdek, o‘xshash psixoaktiv ta’sirga ega bo‘lgan uning strukturaviy analoglari 2025-yil 1-yanvardan faqat giyohvandlik vositalari va/yoki psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali ulgurji va chakana realizatsiya qilinadi (sotiladi). "Sibutramin"ning 0,5 grammi jinoiy harakatni tasniflashda ko‘p miqdor hisoblanadi.  Eslatib o‘tamiz, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

  • 19 Dekabr, 11:44
  • Batafsil
not found

Olimlar: ikkita kasb egalari Alsgeymer kasalligiga kam chalinadi

Alsgeymer kasalligi juda keng tarqalgan kasallikdir. Demansning bu shaklidan hech kim immunitetga ega emas, ammo bu kasallik uchun profilaktika choralarini ko‘rishga harakat qilish kerak. Endi chet ellik tadqiqotchilar kasbning ushbu kasallikning rivojlanish xavfiga qanday ta’sir qilishini o‘rganishdi. Olimlar 400 dan ortiq boshqa kasblar bilan solishtirganda taksi va tez yordam haydovchilarining Alsgeymer kasalligiga chalinish xavfi ancha past ekanligini aniqlashdi. Bu navigatsiya xaritalaridan foydalanishni talab qilmaydigan boshqa transport kasblari orasida qayd etilmagan. Bu fakt miyada marshrutni rejalashtirish Alsgeymer kasalligi xavfini kamaytirish uchun ayniqsa muhim degan xulosaga kelishga asos bo‘ldi. Nazariya shundan iboratki, miyaning xotira uchun muhim bo‘lgan qismi bo‘lgan gippokamp - yo‘nalish va navigatsiya hissi uchun ham mas’ul bo‘lgan bir qismdir. Avvalgi tadqiqotlar, taksi va tez yordam haydovchilari, hatto qariganda ham, yaxshi rivojlangan xotiraga ega ekanligini ko‘rsatgan, deb yozadi mk.ru. Yangi tadqiqot natijalari British Medical Journal da chop etildi. Tadqiqot guruhi Milliy statistika tizimidan 2020 va 2022-yillar oralig‘ida vafot etgan 8,9 milliondan ortiq inson haqida ma’lumot to‘pladi. Ushbu o‘limlarning taxminan 348 328 tasi Alsgeymer kasalligi bilan bog‘liq. Olimlar avtobus haydovchilari, samolyot uchuvchilari, kema kapitanlari va o‘qituvchilarni o‘z ichiga olgan 443 kasb egalarini Alsgeymer bilan kasallanish darajasini o‘rganishdi. Tadqiqotda yoshi, jinsi, irqi, etnik kelib chiqishi va ta’lim darajasi kabi omillar hisobga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, tadqiqotga kiritilgan odamlarning o‘rtacha 3,88 foizi Alsgeymer kasalligidan vafot etgan. Ularning 2,7 foizi kema kapitanlari va 4,5 foizi uchuvchilar, 1 foizi taksi haydovchilari va 0,7 foizi tez yordam haydovchilaridir. Boshqa kasblar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar keltirilmagan, biroq bosh direktorlar reytingning o‘rtasida turibdi: bu odamlarning taxminan 4 foizi Alsgeymer kasalligidan vafot etgani ta’kidlangan. London Universitet kolleji tomonidan avval o‘tkazilgan tadqiqotda taksi haydovchilarining o‘limidan so‘ng miyasi o‘rganilgan va gippokamp boshqa kasblarga qaraganda taksi haydovchilarida yaxshi rivojlanganligi aniqlangan. Biroq, bir qator olimlar tadqiqot natijalari va taqdim etilgan xulosalarga shubha bilan qarashdi va ta’kidladilar: qanday kasb bizni Alsgeymer kasalligining rivojlanishidan himoya qilishi mumkinligini aniq aytish qiyin.

  • 19 Dekabr, 09:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech