14:20 (06.06.2023)

2294

Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bogʼliq bir nechta holat aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Zangiota tumani boʼlimlari tomonidan viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.K. 56 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini fuqaro V.D.ga 1,9 mln soʼmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Kattaqoʼrgʼon tuman boʼlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar S.M. va M.O. fuqaro X.X.ga tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʼlgan 288 dona dori vositasini 1,6 mln soʼmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Departamentning Boʼka tuman boʼlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʼona viloyatidan kelgan Sh.D. “Lacetti” rusumli avtotransport vositasida 21 dona “Tropikamid” nolmi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini oʼtkazish maqsadida olib kelganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xuddi shunday, Departamentning Yunusobod tuman boʼlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.B.ning “Hunday Elantra” rusumli avtotransport vositasi “Qashqar” MFY hududida toʼxtatib koʼzdan kechirilganda, avtomashina salonida 82 dona “Regapen”, 19 dona “Sedonik” hamda 11 dona “Tropikamid” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari oʼtkazilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech