Yangiliklar

not found

Insonning qaysi organlari oʻzini tiklash xususiyatiga ega?

Inson organizmi – bu mukammal biologik mexanizm. Har soniyada organizmimizda salkam 4 million, bir sutkada esa 330 milliardga yaqin hujayralar yangilanadi. Bu jarayon “regeneratsiya” deb ataladi. Xoʻsh, insonning yana qaysi organlari oʻzini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega? Jigar – inson organizmining asosiy filtri. Bu noyob organ qonni toksinlardan tozalash va muhim moddalarni sintez qilish kabi funksiyalarni bajarish bilan birga, turli omillar taʼsirida zararlangandan soʻng oʻz faoliyatini tiklash xususiyatiga ham ega.  Jigarning 75 foizgacha qismi olib tashlanganda ham u bir necha oy ichida asl hajmiga qayta olishi mumkin. Bu jarayon jigarning asosiy hujayralari hisoblangan gepatotsitlar boʻlinishi va ular nobud boʻlgan yoki zararlangan hujayrlarning oʻrnini bosishi orqali roʻy beradi. Teri – inson organizmini tashqi taʼsirlardan himoya qiluvchi birinchi “toʻsiq” hisoblanadi. Terida kichik yara yoki jarohat paydo boʻlganda epidermis hujayralari – keratinotsitlar oʻzini oʻzi tiklashni boshlaydi. Bunda, xuddi jigarda boʻlgani kabi hujayralar boʻlinib zararlangan hujayrlar oʻrnida yangilarini shakllantiradi. Buning natijasida esa yara tezroq tuzalib, terining silliqligi va tarangligi qaytadi. Suyak toʻqimalari ham oʻzini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega, ammo buning uchun koʻproq vaqt talab etiladi. Suyak toʻqimalarining tiklanishida ikki hujayra – osteoblastlar va osteoklastlar asosiy rol oʻynadi. Ularning biri yangi suyak toʻqimasining shakllanishiga javob bersa, ikkinchisi zararlangan hujayrlarni organizmdan olib tashlash (rezorbsiya) vazifasini bajaradi. Yaʼni, suyak toʻqimasi shikastlangandan soʻng osteoblastlar yangi toʻqimalar, kollagen qatlamlarini shakllantirib, ularni kalsiy va fosfor kabi minerallar bilan boyitadi. Bu shikastlangan boʻgʻimning mustahkamligini tiklash imkonini beradi. Muntazam jismoniy mashqlar ham shikast yetgan sohada qon aylanishi va tiklanish jarayoni tezlashishiga yordam beradi. Umuman olganda, inson organizmidagi koʻplab organ, toʻqima va mushaklar u yoki bu darajada oʻzini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega. Sogʻlom turmush tarzi, jismoniy faollik, toʻgʻri ovqatlanish esa ichimizda uzluksiz kechayotgan yangilanishlar jarayonini yanada tezlashtirish imkonini beradi.

  • 19 Yanvar, 12:09
  • Batafsil
not found

Dunyo boʻylab tamaki isteʼmolchilari soni kamaymoqda

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab tamaki isteʼmolchilari soni 1,25 milliard kishigacha kamaydi (kattalarning har besh nafaridan biri), 2000-yilda bu koʻrsatkich har 3 kishiga bir nafarni tashkil etardi. JSST hisobotiga koʻra, tamaki isteʼmolining qisqarishi 150 ta mamlakatda qayd etilgan. Xususan, Braziliyada 2010-yildan beri tamaki isteʼmoli 35 foizga kamaydi, Niderlandiya esa 30 foizlik koʻrsatkichga erishishga yaqin turibdi. “Soʻnggi yillarda tamaki nazorati sohasida yutuqlarga erishildi, ammo hozir xotirjam boʻladigan vaqt emas”, — dedi JSST sogʻliqni saqlash boʻyicha direktori Ryudiger Krex. Uning taʼkidlashicha, tamaki sanoati “son-sanoqsiz hayotlar evaziga foyda ortidan quvmoqda”. Shuningdek, “sogʻliqni saqlash siyosatini manipulyatsiya qilish hamda oʻzining halokatli mahsulotlarini sotish imkoniyatidan foydalanmoqda”. Shuning uchun JSST mamlakatlarni tamakiga qarshi kurashni davom ettirishga va tamaki sanoati taʼsiriga qarshi turishga chaqiradi. JSST maʼlumotlariga koʻra, Janubi-Sharqiy Osiyoda tamaki isteʼmol qiladigan aholining eng yuqori ulushi 26,5% ni tashkil qiladi. Yevropa mintaqasida bu koʻrsatkich 25,3% ni tashkil etadi. Yevropa mintaqasidagi ayollar oʻrtasida tamaki isteʼmoli global oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻp va pasayish boshqa mintaqalarga qaraganda ancha sekinroq. Oʻzbekistonda, JSST hisob-kitoblariga koʻra, bugungi kunda tamaki isteʼmolchilari soni 3,83 mln kishini tashkil etadi, ulardan 3,71 millioni erkaklar va 123 ming nafari ayollardir. JSST prognozlariga qaraganda, 2025-yilga borib dunyoda tamaki isteʼmoli 2010-yilga nisbatan 25 foizga kamayadi. Dunyoning faqat 56 ta davlati 30 foizga qisqarishga erishadi. Tashkilot qayd etishicha, Kongo, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Ummon va Moldova kabi baʼzi mamlakatlarda tamaki isteʼmoli oʻsishda davom etmoqda.

  • 19 Yanvar, 09:00
  • Batafsil
not found

Dunyodagi eng yirik 5 ta dorixona tarmoqlari

Dorixona tarmoqlari tobora oʻsib borayotgan dunyo aholisini turli xil farmatsevtika mahsulotlari va xizmatlari bilan taʼminlashda ajralmas rol oʻynaydi. Bugun dunyodagi eng yirik beshta dorixona tarmogʻi, ularning kuchli tomonlari, bozordagi oʻrni, asosiy takliflari va global sogʻliqni saqlash landshaftiga taʼsirini oʻrganamiz. Cardinal Health, Inc. Roʻyxatda beshinchi oʻrinda Cardinal Health, Inc. farmatsevtika va tibbiy buyumlarning global distribyutori sifatida faoliyat yurituvchi Amerika transmilliy kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya, shuningdek, yadroviy tibbiyot va farmatsevtika formulalari xizmatlari kabi turli sohalarda ham ishlaydi. Kardinal  AQSH sogʻliqni saqlash tizimining asosidir, AQSH kasalxonalarining deyarli 90 foiziga,  60 000 dan ortiq dorixonalar va 10 000 dan ortiq ixtisoslashgan shifokorlar idoralari va klinikalarga  xizmat koʻrsatadi. Ushbu keng qamrovli taʼsir kompaniyani sogʻliqni saqlash mahsulotlarini tarqatishda yetakchiga aylantirgan. Bozorga taʼsiri Kardinal sogʻliqni saqlash ekotizimida asosiy rol oʻynaydi. Turli xil sharoitlarda, turli xil masofalardagi   tibbiy muassasalar, shifoxonalar va dorixonalarga  dori-darmonlarni qulay va arzon yetkazilishi sogʻliqni saqlash sohasidagi natijalariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Wal-Mart Stores, Inc. Oʻzining ulkan chakana operatsiyalari bilan tanilgan Wal-Mart Stores, Inc. farmatsevtika sohasida muhim rol oʻynaydi. Kompaniyaning turli mamlakatlarda 4700 dan ortiq dorixonalari mavjud. Bozorga taʼsiri Wal-Mart asosiy dori-darmonlar va tibbiy xizmatlaridan foydalanishni demokratlashtirdi, bu bilan sogʻliqni saqlashda natijalarni yaxshilashga katta hissa qoʻshmoqda. Makkesson korporatsiyasi Uchinchi oʻrinni egallagan McKesson korporatsiyasi Qoʻshma Shtatlarda joylashgan tibbiyot va xizmatlarni taqsimlash boʻyicha global yetakchi hisoblanadi. Bozorga taʼsiri Taʼminot zanjirida muhim rol oʻynagan McKesson dori-darmonlarni tibbiy muassasalarga muammosiz yetkazib berishni taʼminlash uchun infratuzilmasini muntazam yaxshilab boradi. CVS Health Corporation Amerikaning yana bir farmatsevtika giganti CVS Health Corporation  roʻyxatda ikkinchi oʻrinni egallaydi. 9,900 dan ortiq chakana savdo nuqtalari va kuchli internet tizimining mavjudligi bilan CVS Health keng qamrovli dorixona xizmatlarini, jumladan, retsept asosida dori vositalari bilan taʼminlashni,  dori-darmonlar boʻyicha maslahatlar va emlashlarni taqdim etadi. Bundan tashqari, MinuteClinic klinikalari yengil kasalliklar va jarohatlar uchun qulay tibbiy xizmatlarni taklif qiladi. Bozorga taʼsiri CVS Health dori-darmonlar va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarining mavjudligi bilan    aholi salomatligiga katta taʼsir koʻrsatadi. Walgreens Boots Alliance Amerika Qoʻshma Shtatlarida joylashgan Walgreens Boots Alliance dunyodagi eng yirik dorixonalar tarmogʻidir. Kompaniya har kuni 11 mamlakatda 18 500 dan ortiq dorixonalardan iborat keng tarmoq orqali millionlab mijozlarga xizmat koʻrsatadi. Oʻzining qulayligi va xilma-xil mahsutlar tanlovi bilan tanilgan Walgreens Boots Alliance retsept boʻyicha dori-darmonlar, retseptsiz dori-darmonlar, salomatlik va sogʻlomlashtirish mahsulotlari va turli xil sogʻliqni saqlash xizmatlarini taklif etadi. Walgreens Boots Alliance dorixonalar tarmogʻi chakana savdoda yetakchi boʻlib, oʻzining keng va xilma-xil xizmatlari, takliflari orqali millionlab mijozlarining salomatligini tiklashga yordam beradi. Global farmatsevtika sanoati texnologik taraqqiyot, isteʼmolchilarning xohish-istaklarining oʻzgarishi va sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar kabi omillar taʼsirida rivojlanishda davom etmoqda. Walgreens Boots Alliance-dan Cardinal Health gacha, bu dorixona tarmoqlari keng chakana savdo tarmoqlari, innovatsion sogʻliqni saqlash xizmatlari yoki taʼminot zanjirini samarali boshqarish orqali dunyo tibbiyotiga muhim hissa qoʻshadi. Sanoat rivojlanib borar ekan, bu kompaniyalar dunyo boʻylab odamlarning sifatli dori-darmonlar va sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlab, rivojlanayotgan tendensiyalarga moslashishi mumkin.

  • 18 Yanvar, 09:02
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech