Yangiliklar

not found

Turkiy davlatlar donor organlarining yagona bazasini yaratadi

8-oktyabr kuni turkiyzabon davlatlarning Sog‘liqni saqlash vazirlari “Türktransplant” yagona axborot tizimini yaratish bo‘yicha protokol imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, hujjat Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlar Sog‘liqni saqlash vazirlarining 4-anjumani doirasida imzolangan. Unga Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirlari imzo chekkan. Protokolning maqsadi TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida donorlik va organ transplantatsiyasi jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi yagona axborot tizimini yaratish hisoblanadi. “Türktransplant” tizimi donorlar va oluvchilar haqidagi ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash, organ transplantatsiyasini tashkil qilishni osonlashtirish va donorlik hamda transplantatsiya bilan bog‘liq masalalarni birgalikda hal qilishga imkon yaratadi. Shuningdek, protokol tashxis qo‘yish usullarini standartlashtirish, transplantatsiya markazlarini yaratish va operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish maqsadida birgalikda treninglar o‘tkazishni nazarda tutadi. Asosiy maqsadlardan biri TDT davlatlarida organ transplantatsiyasi bo‘yicha yagona qonunchilikni ishlab chiqish va a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik asosida donor organlari bazasini yaratish. Ma’lum qilinishicha, barcha tadbirlar Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

  • 10 Oktyabr, 17:43
  • Batafsil
not found

"Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasida xususiylashtirish jarayoni davom etmoqda

Avvalroq “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi o‘tkazilganligi haqida xabar bergan edik. Yig‘ilish yakuni bo‘yicha «DORI-DARMON» AK ustav fondining miqdori nominal qiymati 4 300 so‘m bo‘lgan 4 225 430 (to‘rt million ikki yuz yigirma besh ming to‘rt yuz o‘ttiz) dona hujjatsiz shakldagi egasining nomi yozilgan oddiy aksiyalarni qo‘shimcha chiqarish va joylashtirish yo‘li bilan 18 169 349 000,00 (o‘n sakkiz milliard bir yuz oltmish to‘qqiz million uch yuz qirq to‘qqiz ming) so‘mga kupaytirish hamda aksiyalarining qo‘shimcha chiqarilishi to‘g‘risidagi qarori tasdiqlangan edi. Istiqbolli loyihalar bo‘yicha milliy agentlikning (NAAP) yagona korporativ axborot portalida ye’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning “InterLek” MCHJ kompaniyasi ushbu aksiyalarning 3 millionini sotib olishni rejalashtirmoqda, bu umumiy qo‘shimcha emissiyaning 71% ni tashkil qiladi. Bitimlarni to‘ldirish uchun Istiqbolli loyihalar bo‘yicha milliy agentligining (NAPP) roziligini olish kerak. Agar qaror ijobiy bo‘lsa, rossiyalik investorga sotib olingan qimmatli qog‘ozlar uchun to‘lov qilishga olti oy vaqt beriladi. “Dori-Darmon” AK farmatsevtika bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, aholini sifatli, arzon, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida oldiga qo‘yilgan vazifalarni, davlat dasturlarini mas’uliyat bilan amalga oshirib kelayotgan kompaniyadir. Bugungi kunda kompaniya tizimida dori vositalari va tibbiy buyumlar realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi 6 ta aksiyadorlik va 7 ta mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyat yuritadi. Tizimda O‘zbekiston bo‘ylab 1600 dan ortiq dorixona va dorixona shoxobchalari mavjud. Kompaniyaning aktivlari 17 ta sanoat ombori, 15 ta laboratoriya va 133 ta mobil dorixonadan iborat. Potensial investor "InterLek" MCHJ farmatsevtika bozorida 15-yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan Rossiya kompaniyasidir. Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishi mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning zamonaviy dori-darmonlar, tibbiy buyumlar va biologik faol qo‘shimchalarini Rossiya va qo‘shni mamlakatlarda taqdim etish va tarqatishdir.

  • 10 Oktyabr, 14:56
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech